Sobiq o‘quvchi o‘zi o‘qigan maktabga kitoblar sovg‘a qildi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 10- umumiy o‘rta ta’lim maktabining sobiq bitiruvchisi, “Global books” nashriyoti rahbari Abror Qo‘shnazarov “O‘zim o‘qigan maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida 106 nomdagi 1959 dona kitobni maktab kutubxonasiga taqdim qildi.
– Dunyoda sovg‘alar ichida eng noyoblari bor, ammo kitobning o‘rni alohida, – deydi Abror Qo‘shnazarov. – Kitob nafaqat sovg‘a, balki inson fikr dunyosi, his-tuyg‘ulari va bilim olamining eshigi. Har bir sahifa yangi fikr, har bir hikoya qalb uchun ilhom, har bir ma’lumot dunyoga ochiladigan eshikdir. Shu maqsadda uzoq o‘ylab yurgan rejalarim bugun amalga oshdi. Uzim o‘qigan maktabga yaxshi niyat bilan kitoblar sovg‘a qildim. Bu menga faxr va g‘urur baxsh etdi.

Ushbu kitoblar orasida badiiy, nasriy va tarixiy asarlar bor bo‘lib, ular maktab o‘quvchilari uchun bilim manbai bo‘ladi. Pedagoglar va o‘quvchilar tashabbusni yuqori baholab, har bir kitobning inson aqlini va qalbini boyituvchi muhim meros ekanligini ta’kidlashdi.
Bu kabi aksiyalar yoshlar o‘rtasida kitobga bo‘lgan muhabbatni oshirish, bilim salohiyatini yuksaltirish va ma’naviy tarbiyani mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri