Tehron atrofiga hujum: AQSH mojaroni yangi bosqichga olib chiqdi
AQSH Eronga qarshi harbiy amaliyot ko‘lamini yanada kengaytirib, bu safar ilk bor Tehron atrofidagi hududlarni nishonga oldi. Islom Respublikasi davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, hujumlar Qeshm oroli, Chobahor porti, Semnon viloyati va Bandar Abbos yo‘nalishida ham amalga oshirilgan. Bu holat Vashington va Tehron qarama-qarshiligi yanada xavfli bosqichga o‘tayotganidan darak bermoqda.
Qo‘shma Shtatlar Markaziy qo‘mondonligi besh soatlik amaliyot davomida qo‘mondonlik markazlari, havo mudofaasi tizimi, raketa va dron infratuzilmasi hamda sohildagi kuzatuv manzillari to‘pga tutilganini ta’kidlagan. Vashington Kyurasao bayrog‘i ostida suzayotgan neft tankeri Eronning asosiy neft eksport terminali hisoblangan Xark oroli tomon harakatlanayotganda bir necha marta berilgan ogohlantirishga javob bermaganini iddao qildi. AQSH harbiylari ayna shu sababli kema mo‘ri qismiga raketa yo‘llanganini ma’lum qildi.
Tehron ham javob harakatini boshladi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi Bahrayn va Kuvaytdagi nishonlar tomon raketa hamda dron uchirilganini e’lon qildi. Kuvayt rasmiylari havo mudofaasi tizimi raqib dronlari yo‘q qilinayotganini bildirgan, Bahraynda esa havo hujumi xavfi sabab ogohlantiruv qo‘ng‘irog‘i yangragan. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hujumlar oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, 300 nafardan ko‘p inson jarohatlangan.
So‘nggi voqealar Oq uy va Eron o‘rtasidagi muvaqqat kelishuv amalda barham topganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gazining salmoqli qismi tashiladigan Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat xalqaro bozordagi xavotirni kuchaytirmoqda. Tahlilchilar fikricha, tahlika poytaxt atrofiga yoyilgani, ko‘rfazda o‘zaro zarbalar almashilgani bois, diplomatik muzokara tez orada qayta tiklanishi ehtimolini yanada pasaytirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA