O‘zbekiston zargarlik mahsulotlari ilk bor Singapur bozoriga chiqdi
Singapurda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro ko‘rgazmada ilk bor O‘zbekiston zargarlik mahsulotlari milliy pavilonimiz orqali namoyish etildi. Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar “Made in Uzbekistan” brendi ostida o‘zlarining betakror mahsulotlarini taqdim etdilar.
O‘zbekiston ayvoni ko‘rgazma qatnashchilarida iliq taassurot qoldirdi. Xorijlik mutaxassislar zargarlik buyumlarimizning sifati, bezagi va raqobatbardoshligini yuqori baholadilar.
Tadbir doirasida Singapurning yirik yondosh kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar tashkil etilib, mahsulotlarimizni ushbu mamlakat bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish hamda uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish imkoniyati muhokama qilindi. Bundan tashqari, xorijlik hamkorlarni yurtimizdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va aniq buyurtmalar olish uchun sheriklarning yurtimizga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Umuman, mazkur tashrif o‘zbek zargarlik brendining Singapur va butun Janubi-sharqiy Osiyo bozoriga kirib borishi uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA