Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu rukn orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Birlashgan Arab Amirliklari. O‘zbekiston Respublikasining Abu-Dabidagi elchixonasi tomonidan “Aspire Holding” kompaniyasi raisi Rashid Saud Ol Shamsi bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Muloqot davomida kompaniya bilan kimyo sanoati sohasida amalga oshirilayotgan loyiha yuzasidan batafsil fikr almashilib, uning samaradorligini oshirish masalalari hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Buyuk Britaniya. Londondagi elchixonamiz vakillari ishtirokida Jersi orolida Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar konslageridan qochib chiqqan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovga boshpana berib, uning hayotini saqlab qolgan hamda yuksak insonparvarlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan Buyuk Britaniya fuqarolari marhum Jon Le Breton va Fillis Emili Le Bretonning farzandlari Dulsi Le Breton hamda Alan Le Bretonga O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.

Hindiston. Dehlidagi diplomatimiz Sardor Rustamboyev “Bennett University” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muloqot chog‘ida mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Vengriya. Budapeshtdagi elchimiz Oybek Shahavdinov Serbiya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri o‘rinbosari Marina Ragush bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya. O‘lkamizning Tokiodagi elchixonasi tomonidan “Japan Bank for International Cooperation” (JBIC) hamda “UzAirports” o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi. Muzokaralar davomida Toshkent shahrida rejalashtirilayotgan Yangi Toshkent xalqaro aeroporti loyihasi taqdim etildi hamda unga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA