“Tashabbusli byudjet”: 1 milliard 648 million so‘mlik loyiha ijrosi o‘rganildi
Xalq vakillarining hududlarda o‘rganishlar olib borishi joylarda o‘z yechimini kutayotgan masalalarning hal etilishi hamda aholi vakillarining murojaatlarini tinglash va tegishli choralar ko‘rilishida muhim ahamiyatga ega.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining har oy yakunida joylarga chiqqan holda o‘rganishlar olib borayotgani o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Parlament vakillari hududlarda qonunlar ijrosi, turli loyiha va dasturlarning amalga oshirilish holatini o‘rganib, shu asosda qonunchilikni takomillashtirmoqda. Shu bilan birga, mavjud muammolarga tegishli mutasaddilar bilan birgalikda yechim topishmoqda.
Ayni kunlarda ham parlament quyi palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida faoliyat olib borishmoqda. Jumladan, deputat Olga Litvinova Yashnobod tumani “Mumtoz” mahallasida “Tashabbusli byudjet” loyihasi ijrosini o‘rgandi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan deputat tashabbusi bilan tanlangan loyihaga byudjetdan mablag‘ ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Ana shu imkoniyat asosida Mumtoz mahallasida hududni obodonlashtirish va vorkaut maydonchasini tashkil etish loyihasi uchun 1 milliard 648 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi.
Deputat loyiha ijrosini o‘rganish davomida obodonlashtirish ishlari, jumladan, dam olish va sport maydonchalari, o‘rindiqlar, favvora hamda boshqa infratuzilma ob’ektlarining holatini ko‘zdan kechirdi. Nazorat o‘lchovlari dalolatnomasi materiallari ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha doirasidagi ishlar umumiy jihatdan ijobiy baholandi. Biroq, sug‘orish tizimi va ko‘kalamzorlashtirishda ayrim kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha pudratchi tashkilotga ko‘rsatmalar berildi.
Mahalla aholisi bilan muloqot davomida fuqarolar hudud bo‘ylab bordyurlar o‘rnatish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv kameralarini joylashtirish takliflarini bildirdi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aholi takliflarini amalga oshirish va ehtiyojmand oilalarga zarur yordam ko‘rsatish masalalari deputat nazoratiga olindi.
Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
M.Komilova,
O‘zA