Mahalliy kengashlarda deputatlik nazorati samaradorligi oshiriladi
Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan mahalliy kengashlar deputatlari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda deputat so‘rovi institutidan samarali foydalanish, aholi murojaatlarini hal etishda mahalliy kengashlar rolini oshirish hamda mas’ul rahbarlarning hisobdorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda deputat so‘rovlarining mazmuni va sifati, ularga o‘z vaqtida javob berish, so‘rovlar natijalarini kengash sessiyalarida ko‘rib chiqish amaliyoti tahlil qilindi.
Deputat so‘rovlari maishiy masalalarni hal etishdan ko‘ra hududlardagi tizimli muammolarni aniqlash va mas’ul idoralar faoliyati ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlashga yo‘naltirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Xalq qabulxonalari axborotlari, hokimlar va hududiy davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitishda deputatlik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muammolarni dastlab doimiy komissiyalarda chuqur o‘rganish, ularni sessiyalar muhokamasiga olib chiqish hamda har bir vazifa bo‘yicha mas’ullar va aniq muddatlarni belgilash muhimligi qayd etildi.
Seminar yakunida mahalliy kengashlar va kotibiyatlar faoliyatini takomillashtirish, deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirish va aholi murojaatlarini hal etishda amaliy natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA