“Tashabbuslar marafoni” minglab yoshlarni birlashtirdi
Yoshlar oyligi doirasida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida tashkil etilgan “Yoshlar tashabbuslari marafoni” Qashqadaryo viloyatida ham keng ko‘lamda o‘tkazildi.
Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyatning turli hududlaridan kelgan yoshlar ishtirok etdi.
Marafon doirasida tadbirkorlik, bandlik, innovatsiyalar, robototexnika, kitobxonlik, xorijiy tillar, ekologiya, sport va madaniyat yo‘nalishlarida maxsus pavilonlar tashkil qilinib, ishtirokchilarga sohalar bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Yoshlar mutaxassislar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, yoshlar bilan uchrashdi. Muloqot davomida ularning taklif va tashabbuslari tinglandi, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr almashildi.
Marafon doirasida turli sohalardagi faolligi, iqtidori va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar taqdirlandi.
Tadbir kunning ikkinchi yarmida madaniy dastur bilan davom etdi. Unda san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
[gallery-30016]
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, marafon tadbirlarida 95 mingdan ortiq yosh ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, “Yoshlar tashabbuslari marafoni” yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda turli sohalardagi imkoniyatlar bilan tanishtirishga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari