Tarbiya samaradorligi bolaning dunyoqarashi va hayotiy ko‘nikmalaridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanishi zarur
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshkent shahri Olmazor tumani 441-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Maktabgacha ta’limda milliy tarbiya modeli – kelajak avlod tarbiyasining strategik yo‘nalishi” mavzusida o‘tkazilgan amaliy seminarda ishtirok etdi.
T.Norboyeva mamlakatimizda ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganini, endilikda asosiy vazifa ta’lim va tarbiya sifatida o‘zgarishlarga erishishdan iborat ekanini alohida ta’kidladi.
Milliy tarbiya modeli oddiy tarbiyaviy tadbirlar majmui emas, balki maktabgacha ta’limdan boshlab umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim bosqichlarigacha davom etadigan yagona, izchil va uzluksiz tizim hisoblanadi.
Bu jarayonda Vatanga muhabbat va milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy-axloqiy fazilatlar va halollik, inson qadr-qimmatiga hurmat, zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lish, oilaviy qadriyatlar, sog‘lom turmush tarzi, huquqiy madaniyat, mustaqil fikrlash, mehnatsevarlik, jamiyatga daxldorlik, tabiat va atrof - muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar qamrab olinishi zarur.

Tarbiya samaradorligi o‘tkazilgan tadbirlar yoki tayyorlangan hisobotlar soni bilan emas, balki bolaning xulq-atvori, dunyoqarashi va hayotiy ko‘nikmalaridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanishi zarur.
Ishtirokchilar ta’lim va tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, maktabgacha ta’limdan boshlab uzluksiz milliy tarbiya tizimini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E.Karimova “Vatanparvar, millatparvar, bilimli, intizomli, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldor avlodni tarbiyalash” shiori ostida ishlab chiqilgan, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladigan uzluksiz Milliy tarbiya modelining mohiyati va strategik ahamiyati haqida axborot berdi.
Mazkur loyiha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Senat muvofiqlashtiruvida tashkil etilgan maxsus ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Milliy tarbiya modelini samarali joriy etish uchun pedagoglarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy metodika va sifatli milliy kontent bilan ta’minlash, ota-onalar, mahalla va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Senatorlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, hududiy va tuman bo‘limlari rahbarlari hamda ta’lim sohasi mutasaddilari qatnashgan tadbir doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi qurilgan binolari bilan tanishildi. “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” platformasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
N.Абдураимова, O‘zA