TDMAU nufuzli xalqaro alyansga qabul qilindi
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar hamda Ipak yo‘li arxitektura va texnologiya universitetlari xalqaro alyansiga a’zo bo‘ldi.
Mazkur ittifoq (Silk Road International Alliance of Architectural and Technological Universities) Xitoy Xalq Respublikasining Sian arxitektura va texnologiya universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, “Ipak yo‘li” bo‘ylab joylashgan davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va sohaviy korxonalarini birlashtiradigan xalqaro ochiq platforma sanaladi.
Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasasi alyansga universitet delegatsiyasining Xitoydagi Sian arxitektura va texnologiya universiteti ta’lim tarixiga 130 yil to‘lishi va universitetlar birlashuvining 70 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro marosimida ishtiroki chog‘ida qabul qilindi.

Tadbirda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev “Arxitektura va texnologiyalar – insoniyat barqaror rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchi” mavzuida ma’ruza ham qildi. Ilmiy ma’ruzada yashil qurilish, kam uglerodli qurilish materiallari, quyosh energetikasi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, xususan, Surxondaryoning issiq va quruq iqlim sharoitida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Issiq va quruq iqlim sharoitiga mos “yashil qurilish” qo‘shma laboratoriyasini tashkil etish, kam uglerodli qurilish materiallari, quyosh energetikasi va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqot va grant loyihalarini amalga oshirish, akademik almashinuv va qo‘shma doktorantura dasturlarini rivojlantirish g‘oyalari ilgari surildi.
Marosimda oliy ta’lim muassasasining Ipak yo‘li arxitektura va texnologiya universitetlari xalqaro alyansiga rasman a’zo etib qabul qilinishi universitetga Osiyo va Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan arxitektura, qurilish va barqaror shaharsozlik yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qulay imkoniyat yaratdi.

Safar chog‘ida, shuningdek, chet elning oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama etildi. Professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar uchun Xitoy davlati hisobidan xorijiy stajirovkalarni tashkil etish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar va nashrlar, ilmiy-tadqiqot loyihalarini, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti ayni paytda dunyoning 30 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim muassasasi bilan mustahkam aloqa o‘rnatib, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘ttizdan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchi universitet talabalariga ilm-fan sirlarini o‘rgatmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri