Talim va ilmga baxshida umr yoxud zabardast iqtisodchi olimning muvaffaqiyat formulasi
-
Bu gulshan ichra yo‘qdur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur, yaxshilik birla chiqsa ot.
Alisher Navoiy
So‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas satrlarida ta’kidlaganidek, bu foniy dunyo bog‘ida hech bir gul abadiy qolmaydi. Biroq inson shu go‘zal hayot bog‘ini o‘z mehnati bilan yashnatishi, undan haqiqiy saodat va olam-olam quvonch topishi mumkin. Asl saodat esa el duosiga sazovor bo‘lgan xayrli amallar bilan yashab, yaxshi nom qoldirishdir.
Ilm sohasi ana shunday zavqli va porloq hayot yo‘lidir. Bu yo‘lda tinimsiz izlanish, yoshlarning ko‘zidagi bilimga bo‘lgan chaqnoqlikni ko‘rish va ularning muvaffaqiyatidan sevinish insonga chinakam xush kayfiyat va ichki xotirjamlik bag‘ishlaydi. Bugun ana shunday sharafli yo‘lni qalb amriga aylantirgan, ilm-fan fazosida va oliy ta’lim tizimida o‘z o‘rniga ega, doimo jismida shijoat va qalbida ezgulik ila yashovchi inson – iqtisod fanlari doktori, professor Sherzod Igamberdiyevich Mustafakulovning ta’lim va ilmga baxshida etilgan sermazmun muvaffaqiyat formulasi hamda murabbiylik fazilatlari haqida so‘zlashga jazm etdik.

Insonning muvaffaqiyat formulasi qayerdan boshlanadi? Uning ilk unsurlari, shubhasiz, u tug‘ilib o‘sgan maskan va oila muhitidagi tarbiyaga borib taqaladi. Sherzod Igamberdiyevich 1977-yilning oltin kuzida, Samarqand viloyatining ko‘hna zamini bo‘lmish Kattaqo‘rg‘on shahrida dunyoga kelgan. Uning ko‘nglidagi ilmga bo‘lgan tashnalik va tirishqoqlik ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan zafarli tamomlashida asos bo‘ldi. Uning qalbidagi raqamlar, iqtisodiy qonuniyatlar va jamiyat rivojiga bo‘lgan qiziqish va ilm ehtiyoji iqtisod sohasining yetuk olimi sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga zamin yaratib, sohaning yetuk mutaxassisiga aylantirdi.
Haqiqiy olimlik va zabardastlik unvoni zahmatli mehnat evaziga keldi. Sherzod Mustafakulov o‘z ilmiy formulasini izchil boyitib, 2025-yilda Makroiqtisodiy ASM ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U nafaqat tadqiqotchi, balki o‘z bilimlarini shogirdlariga ulashishdan zavqlanadigan haqiqiy pedagog edi. Sherzod Mustafakulov Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti kafedralarida assistent, katta o‘qituvchi, keyinchalik esa dotsent sifatida faoliyat yuritdi, yuzlab talabalarga dars berdi. 2012-2013-yillarda Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti “Sanoat iqtisodyoti” kafedrasi mudiri vazifasida ishlarkan, unda tashkilotchilik va rahbarlik qobiliyatlari yaqqol ko‘zga tashlandi. 2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “Investitsiyalar” kafedrasi mudiri va fakultet dekani mas’ul lavozimlarida mehnat qildi. Olimning nigohi hamisha jahon andozalariga qaratilgan edi. Shu bois “Erasmus+” loyihasi doirasida Yevropaning yetakchi davlatlarida malaka oshirdi. 2011-yil Germaniya davlatida ilmiy stajirovka, 2013-yil Lyuksemburgda xalqaro tajriba almashinuvida ishtirok etdi, 2014-2015-yillarda Gretsiyadagi Aleksandr nomidagi Texnologiyalar va ta’lim institutida chuqurlashtirilgan ilmiy izlanishlar olib bordi. Bu kabi xalqaro tajribalar unga iqtisodiyot va ta’limni butunlay yangicha nigoh bilan ko‘rish imkonini berdi. Natijada, 2017-yilda Bank-moliya akademiyasi huzuridagi Ilmiy Kengashda doktorlik (DSc) dissertasiyasini himoya qildi.
Sherzod Mustafakulov faqat nazariyotchi olim bo‘lib qolmadi, balki amaliyotchi, ta’lim tizimining haqiqiy reformatori sifatida maydonga chiqdi. 2017-yil sentabridan TDIUda “Universitet 3.0” xalqaro o‘quv va ilmiy-innovasion tadqiqotlar markazi direktori va Ilmiy ishlar prorektori sifatida universitetning ilmiy salohiyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Keyinchalik ushbu shijoatli olimning hayotida yana bir muhim va mas’uliyatli sahifa boshlandi. 2020-2022-yillarda u Qo‘qon universiteti rektori sifatida faoliyat yuritdi. U qisqa vaqt ichida universitetda oliy ta’limni rivojlantirish, universitet yoshlarini zamonaviy texnologiyalar va innovasion faoliyatga keng jalb etish borasidagi islohotlar hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar” tamoyilining amaliy ifodasini joriy etib, universitetning har tomonlama mavqeini oshirish va innovasion rivojlanish strategiyasini kuchaytirishga e’tibor qaratdi.
Sherzod Mustafaqulovning ilm yo‘lidagi xizmatlari uchun 2022-yilda Oliy attestasiyasi komissiyasi (OAK) tomonidan Professor ilmiy unvoni berildi. Bugungi kunda esa Sherzod Mustafakulov Xalqaro Nordik universiteti rektori sifatida mamlakatimizni yetuk kadrlar bilan ta’minlash yo‘lida sidqidildan, katta g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilmoqda. Uning rahbarligida ushbu oliygoh qisqa fursatda o‘ziga xos nufuziga ega bo‘ldi. Universitet fin va o‘zbek hamkorligining ilk yirik natijasi, Finlyandiya oliy ta’lim tizimining O‘zbekistondagi yagona aksi, Toshkentdagi birinchi ta’lim klasteridir. Universitet qoshida Foundation maktabi, 22 ta bakalavriat yo‘nalishi (kunduzgi, kechki) va 16 ta magistratura mutaxassisligi va 6 ta PhD ixtisosligi bo‘yicha zamonaviy mutaxassislar tayyorlamoqda.
Xalqaro Nordik universitetida rektor raisligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasining qarori asosida ilmiy daraja beruvchi Ilmiy kengash tuzildi. Talabalarga magistraturani tugatgach, universitetda doktorantura va mustaqil izlanuvchilik institutiga kirib, ilmiy tadqiqotlarini davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratildi. Universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining № 057211 raqamli Guvohnomasi asosida “Nordic” ilmiy-amaliy elektron jurnali nashr etilmoqda. Jurnalda o‘zbek, rus, ingliz va fin tillarida ilmiy maqolalar nashr etiladi. Akademik faoliyatini rivojlantirish uchun o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yozmoqchi bo‘lgan talabalar uchun “Nordic” nashriyoti ochildi. Shimoliy Yevropa mamlakatlari kompaniyalari bilan o‘rnatilgan shartnomalarga muvofiq, universitet talabalari manzilli ravishda “Work and Travel” dasturi orqali uch oygacha xorijga yuborilmoqda. Asosiy maqsad ta’lim jarayoniga zamonaviy fin pedagogik texnologiyalari va modellarini joriy etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini rivojlantirish, oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish integratsiyasi asosida ilmiy-tadqiqotlar faoliyati va innovason-korporativ hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iboratdir.
Olimning muvaffaqiyat formulasidagi eng asosiy komponent aynan mana shu – jamiyatga va yoshlarga kerakli inson bo‘lish va ilmiy kashfiyotlar qilib, har tomonlama yetuk kadrlar sifatida mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasida ekanligiga komil ishonch bildirib, ularni qo‘llab-quvvatlashda, deb biladi. Sherzod Mustafakulov o‘z jamoasi professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuvlarda Sharq Renessansining yirik nomoyandasi Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida bayon etilgan rahbar va har bir shaxsning jamiyatda o‘rnini topishi uchun 12 ta tug‘ma va ottirilgan fazilat, ma’naviy va intellektual qiyofada bo‘lishi lozimligini, ya’ni tani sihatlik, o‘tkir zehn va farosat, mustahkam xotira, idrok va donolik, notiqlik va go‘zal nutq, ilmga muhabbat, nafsni tiya bilish, haqiqatgo‘ylik, oliyjanoblik va or-nomus, dunyo boyligiga berilmaslik, adolatparvarlik sifatlarini jamlashni bot-bot ta’riflaydi.
Professor Mustafakulov yaratgan ilmiy maktab juda serqirra va bugungi kun fan rivojida ham muhim ahamiyatga ega. Uning muallifligida 170 dan ziyod ilmiy maqolalar, darsliklar, monografiyalar va lug‘atlar nashr etilgan. Uning kitoblari shunchaki quruq faktlardan iborat emas, ularda muallifning qalb qo‘ri, iqtisodiyot ilmiga bo‘lgan cheksiz muhabbati sezilib turadi. Ayniqsa, ushbu asarlar bugun talabalar va kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda: “Mikroiqtisodiyot: masalalar, namunalar, topshiriqlar, testlar”, “Makroiqtisodiyot” va “Xalqaro moliya” darsliklari, “Iqtisodiyot ilmi osmonida yulduzga aylanganlar” ilmiy-ommabop risolasini alohida ta’kidlash joizdir. Uning rahbarligida bugun o‘nlab yoshlar o‘z doktorlik ishlarini himoya qilib, katta hayotga muvaffaqiyatli qadam qo‘ymoqdalar.
Bugungi zamonaviy rahbar raqamli texnologiyalarni tushunadigan, tahlil qiladigan, muloqotga tayyor, o‘zgarishlarga moslasha oladigan va eng muhimi, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur his etadigan bo‘lishi kerak. Professor Sherzod Mustafakulovning hayot yo‘li – bugungi kun yoshlari uchun ana shunday haqiqiy ibrat maktabidir.
Kattaqo‘rg‘onning oddiy mahallasidan chiqib, xalqaro miqyosdagi olim va rektor darajasiga ko‘tarilish ortida qanchalik buyuk mehnat, iroda va hayotga bo‘lgan cheksiz muhabbat yotganini his qilish quvonchlidir. Ustoz Yangi O‘zbekistonning uchinchi Renessansi poydevorini qo‘yishda, yurtimizni jahonga tanitishda sidqidildan xizmat qilishda davom etmoqda. Ilm, ta’lim-tarbiyaga baxshida qilingan va atrofga faqat yaxshilik ulashuvchi bunday umr esa hamisha e’zozga va tahsinga loyiqdir.
D.MIRALIEVA,
Pedagogika kafedrasi mudiri.
D.ADILOVA,
Pedagogika kafedrasi dotsenti.