Talabalar ijodi: “Ilhom buloqlari – IV” she’riy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida mazkur o‘quv dargohining talaba-yoshlari ijodiga bag‘ishlangan “Ilhom buloqlari – IV” she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotga oshno yoshlar, talabalar, oliy o‘quv dargohining pedagogik jamoasi, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Mirzayev mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi asosida start olgan Kitobxonlik marafoni xalqimizni kitobxon millatga aylantirishdek ezgu maqsadni ko‘zlashi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
– Aslida muhandislik serqirralikni namoyon etuvchi kasb, – dedi universitet rektori Bahodir Mirzayev. – Ijodkor yoshlarimiz o‘z kasbining ustasi bo‘lishi bilan birga inson qalbining muhandislari bo‘lib kamolga yetadilar. Bunda milliy adabiyotimiz, go‘zal she’riyatimiz, so‘z san’atining quch-qudrati beqiyosdir.
[gallery-29817]
Aytish kerakki, poytaxtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Adiblar xiyoboni” barpo etilgach, Toshkent shahridagi har bir oliy o‘quv yurti mazkur maydonda haykali qad rostlagan muayyan ijodkor asarlarini, hayoti va faoliyatini mukammal o‘rganishga yanada kuchli e’tibor qaratdi. Shu ma’noda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodini puxta o‘rganish “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga biriktirildi.
Bu borada universitetda salmoqli ishlar olib borilgani e’tiborga molikdir. Universitet kutubxonasida Abdulla Oripov muzeyi tashkil etildi. Shuningdek, shoir nomidagi maxsus stipendiya ta’sis etilib, unga o‘qish, jamoatchilik ishlari, ijoddagi ibratli faoliyati uchun ko‘plab talabalar sazovor bo‘lmoqda.
Talaba-yoshlarning ijodiga bag‘ishlangan “Ilhom buloqlari” she’riy to‘plami chop etilishining an’anaga aylangani universitetda kitobxonlikka, adabiyotga qaratilayotgan ulkan e’tiborning yorqin namunasidir.
– Ijod yo‘liga kirgan inson borki, nur taratish, ezgulik ulashish uchun qo‘liga qalam oladi, – dedi taniqli shoir, publitsist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhammad Ismoil. – Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun, ularni yaxshi kitobga, milliy adabiyotimizga oshno etish yo‘lidagi ezgu tashabbuslar bugun o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda. Bu e’tibor yosh qalamkashlar ijod namunasidan iborat “Ilhom buloqlari” to‘plami misolida, xalqaro sport, fan olimpiadalari, ijodiy tanlovlarda g‘olib bo‘layotgan yoshlarimizning katta yutuqlari misolida bo‘y ko‘rsatmoqda.
Darhaqiqat, 2020-yildan buyon samarali tarzda chop etilib kelinayotgan “Ilhom buloqlari” to‘plamining yuzaga kelishi, umuman, mazkur universitetda yosh ijodkorlarning faol qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimizdagi aksariyat oliy o‘quv yurtlari uchun o‘ziga xos ibrat, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
– Adabiyotga oshno insondan sira yomonlik chiqmaydi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati rahbari, shoir va publitsist Fozil Farhod. – Qaysi sohada bo‘lmasin, inson muttasil o‘z qalbini tarbiyalab borishi kerak. “Ilhom buloqlari” she’riy to‘plamini varaqlab, yosh ijodkorlar orasida ustoz shoirlarning yo‘lidan boradigan iste’dod sohiblari borligini ham sezish mumkin.
– Adabiyotni bolaligimdan juda yaxshi ko‘raman, – deydi universitetning ekologiya va huquq fakulteti talabasi Javohir Otaboyev. – She’rlar mashq qilishni yaxshi ko‘raman. Ushbu to‘plamda milliy o‘zlikni anglash, Vatan, istiqlol mavzusidagi bir nechta she’rlarim nashr etilganidan juda mamnunman. 2024/2025 o‘quv yilida Abdulla Oripov nomidagi stipendiyaga sazovor bo‘ldim. Bir qator ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyat qozondim. Garchi kelgusida yurist bo‘lsam-da, adabiyotga oshnolik tafakkurimni charxlashda, insoniylikni teran anglashda, so‘z qadrini anglash va uni o‘rnida qo‘llashda menga juda katta yordam beradi.
Taqdimot tadbirida universitetda kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlar ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlar, kelgusidagi rejalar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Talabalarga “Ilhom buloqlari – IV” she’riy to‘plami tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA muxbirlari