“Do‘stlik” festivali “Chuqurqoq”da ko‘tarinki ruhda o‘tdi
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Chuqurqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida “O‘zbekiston — yagona Vatan” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tashkilot vakillari, nuroniylar, yoshlar, turli millat va elat vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etib, mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun O‘zbekiston yagona Vatan ekanini alohida ta’kidladilar.

Bayram dasturi doirasida turli millat vakillari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar va jozibador raqslar namoyish etilib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat g‘oyalari tarannum etildi. Shuningdek, aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilinib, bayram ishtirokchilariga qulaylik yaratildi va tantanaga yanada fayz bag‘ishladi.

“Do‘stlik” festivali xalqimizning asrlar davomida shakllangan bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ahillik kabi ezgu qadriyatlarini yanada mustahkamlash, jamiyatimizda millatlararo totuvlik va fuqarolar birdamligini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri