Tajriba hamkorlikka ulandi
Guliston davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasidagi xalqaro stajirovka dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bir oy davom etgan ilmiy-amaliy dastur natijasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Delegatsiya joriy yilning 1–28-iyun kunlari Xitoyning Venchjou shahrida joylashgan Wenzhou Vocational College of Science and Technology bazasida tashkil etilgan xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etdi. Dastur davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar hamda amaliy ta’lim tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Stajirovka yakunida o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Xitoylik hamkorlar O‘zbekiston bilan oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, Guliston davlat pedagogika instituti bilan o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov Xitoylik hamkorlarga samimiy qabul, stajirovka dasturining yuksak saviyada tashkil etilgani hamda ishtirokchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.

— Ushbu stajirovka biz uchun haqiqiy tajriba maktabi bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari zamonaviy o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar va innovatsion markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, ta’lim jarayonining nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilgani katta taassurot qoldirdi. Bu tajribalarni institutimiz faoliyatiga tatbiq etish ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, — dedi Nurbek Ayaqulov.
Uchrashuv yakunida imzolangan hamkorlik memorandumiga muvofiq, har yili 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi va talabaning akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etishi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda innovatsion ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Stajirovka dasturi nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni qamrab oldi. Xususan, hasharot namunalarini tayyorlash texnologiyalari, kino va televideniye sohasida vizual effektlar yaratish, raqamli kontent ishlab chiqish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy darslar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlar ishtirokchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitishga xizmat qildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Xitoyning boy milliy madaniyati va an’analari bilan ham yaqindan tanishdilar. Milliy sher raqsi hamda lakli rassomlik san’atiga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

— Mazkur xalqaro stajirovka nafaqat ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, balki O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Bu hamkorlik kelgusida har ikki muassasa uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonamiz, — deydi Nurbek Ayaqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri