Tadbirkorlar va davlat organlari: korrupsiya uchrashi mumkin bo‘lgan holatlarda inson omili cheklanadi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 17-avgustda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev bilan qonunning mohiyati va ahamiyatli jihatlari haqida suhbatlashdik.
– Qonun bilan tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari mustahkamlandi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun “Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarining asosiy prinsiplari” deb nomlangan yangi modda bilan to‘ldirildi.
Tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlarining asosiy prinsiplari – qonuniylik, tadbirkorlikning erkinligi, tadbirkorlik sub’ektlarining tengligi, ishonchning himoya qilinishi, korrupsiyadan xolilik, xususiy mulkning daxlsizligi, tadbirkorlikka oid qonunchilikning barqarorligi va aniqligi kabilardan iborat.
Korrupsiyadan xolilik prinsipiga ko‘ra, tadbirkorlikni amalga oshirish va davlat tomonidan tartibga solish jarayoni korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlaridan, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvidan va huquqning tanlab qo‘llanilishidan xoli bo‘lishi kerak.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida inson omilining korrupsiya holatini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini cheklashga qaratilgan tizimli choralar qo‘rilishi kerak.
– Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish asoslari belgilandi. Bu qanday asoslar?
– Tadbirkorlik sub’ektining faoliyati o‘zining arizasiga asosan, shuningdek o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga nazorat qiluvchi organlar tomonidan, o‘n ish kunidan ortiq muddatga sud tomonidan to‘xtatib turilishi mumkin. Tadbirkorlik sub’ektini o‘z arizasiga asosan to‘xtatib turish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini to‘xtatib turishga faqatgina inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yilishi mumkin.
– Qonunda ijtimoiy tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanishi, tadbirkorlarga moliyaviy yengillik berilishi qayd etilgan. Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?
– Tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik, deb e’tirof etiladi.
Qonun bilan tadbirkorlikni moliyaviy va mulkiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash subsidiyalar berish, grantlar asosida moliyalashtirish, ishtiyozli kreditlar ajratish, coliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish orqali amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, moliyaviy va mulkiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash Jahon savdo tashkiloti (JST) talablariga zid kelmasligini ta’minlaydigan normalar ham belgilandi.
Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan moliyaviy sanksiyalar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lanishi mumkinligi, tadbirkorlik sub’ekti tomonidan tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun qonunchilikda sub’ektning o‘ziga nisbatan moliyaviy javobgarlik qo‘llanilishi uning xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llanilishiga sabab bo‘lmasligi belgilandi.
– Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yana qanday kafolatlar berildi?
– Tadbirkorlik sub’ektlarining energiya manbalariga ulanish va ulardan belgilangan tartibda foydalanish borasida, yer va suvdan foydalanish huquqi hamda xususiylashtirish natijalarining kafolatlari belgilandi.
Energetika korxonalari tadbirkorlik sub’ektlarining energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyojlarini xavfsiz, ishonchli, barqaror va uzluksiz ravishda ta’minlashi shart.
Tadbirkorlik sub’ektlarining yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga faqat olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati, ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati, ko‘chish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar, yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foydaning o‘rni, huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlarining va zararlarning o‘rni qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda to‘la hajmda qoplanganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining suvdan foydalanish huquqi ajratilgan suv olish kvotasi va kutilayotgan suv ta’minoti hajmidan kelib chiqqan holda, ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
– Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulk daxlsizligini buzish sifatida baholanishi qanday natija beradi?
– Qonun bilan Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshiruvlar to‘g‘risida xabardor qilish hamda tekshiruv boshlanganidan keyin xabardor qilish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashabbus qilish uchun asoslar aniqlashtirildi.
Nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorlik sub’ektlarining tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda ijro etilishi mumkin. Jumladdan, nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan e’tiboran bir oy muddatda jarima miqdorining ellik foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi. Jarima summasini olti oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash ham mumkin.
Bunda tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan e’tiboran bir oy davomida jarima miqdorining kamida oltidan bir qismidan iborat dastlabki to‘lovni to‘lagan taqdirda, jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi avtomatik ravishda amal qiladi.
– Qonun bilan tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri va uni yuritish tartibi belgilandi. Shu haqda to‘xtalib o‘tsangiz.
– Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘yiladigan talablarni, ushbu talablarning amal qilish muddatlarini, davlat nazoratini amalga oshirishga doir talablarni, majburiy talablarga muvofiqlikni tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, shuningdek ushbu talablarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini hamda sohaga oid boshqa tegishli axborotni o‘z ichiga olgan ochiq ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
Iqtisodiy protsessual kodeks va “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’ektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish, deb baholanishi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi belgilandi.
Qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat tomonidan taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining kuchayishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 18-noyabrda kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.