Davlat banklari qarz evaziga olgan mulkni boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib sotishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlari yangi sur’at olmoqda. Prezidentimizning joriy yilning 28-avgustidagi «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni davlat tasarrufidagi aktivlarni xususiy sektorga o‘tkazish, samarasiz mulklarni iqtisodiy aylanmaga qaytarish va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Farmon bilan davlat aktivlarini sotish mexanizmlarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy qulayliklar yaratish, davlat korxonalari sonini qisqartirish hamda samarasiz aktivlarni iqtisodiy aylanmaga qaytarish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil xususiylashtirish jarayonlari uchun muhim davr bo‘ladi. Yil davomida 84 ta jamiyatdagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob’ekti va 8 ming gektar yer uchastkalari ochiq savdolarga chiqarilishi belgilangan. Shu bilan birga, 85 ta davlat ishtirokidagi korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — savdoga chiqariladigan aktivlarning umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Ularning sotilishi natijasida kamida 14 trillion so‘m tushum olish rejalashtirilgan.
Bu raqamlar davlat mulkini shunchaki sotish emas, balki uni iqtisodiy jihatdan samarali boshqaradigan xususiy mulkdorlarga o‘tkazish maqsadi ustuvor ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni, islohotlarning asosiy vazifasi — davlat tasarrufida samarasiz yoki to‘liq quvvatda ishlamayotgan aktivlarni yangi iqtisodiy hayotga qaytarishdir. Farmonning eng muhim jihatlaridan biri davlat aktivlarini sotib oluvchilar uchun yaratilgan yangi moliyaviy imkoniyatlardir.
Endilikda davlat aktivlari va yer uchastkalarini xarid qilishda boshlang‘ich to‘lov 15 foiz etib belgilanadi va uni to‘lash uchun 30 kun muddat beriladi. Qolgan mablag‘ni esa belgilangan shartlar asosida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Yirik aktivlarni sotib oluvchilar uchun esa qo‘shimcha rag‘batlar joriy etilmoqda. Xususan, belgilangan shartlar asosida aktiv qiymatini qisqa muddatda to‘liq to‘lagan xaridorlarga 25 foizgacha chegirma berish imkoniyati nazarda tutilgan. Shuningdek, xaridorlarga qolgan mablag‘ni 5 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bu, ayniqsa, katta qiymatga ega davlat aktivlarini sotib olish imkoniyati cheklangan mahalliy tadbirkorlar uchun muhim yengillik bo‘lishi mumkin. Chunki avval yuqori miqdordagi bir martalik to‘lov talab qilinishi ko‘plab investorlarning savdolarda ishtirok etish imkoniyatini cheklab qo‘yardi.
Yangi tartib davlat aktivlarini xarid qilgan tadbirkorlarga mulkdan tezroq foydalanish imkonini ham beradi. To‘lovning kamida 50 foizi amalga oshirilganidan keyin xaridor ob’ektda rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va boshqa zarur qurilish ishlarini boshlashi mumkin bo‘ladi. Bu mexanizm investorlar uchun vaqtni tejash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Chunki ko‘p holatlarda ob’ekt to‘liq rasmiylashtirilgunga qadar kutish tadbirkorlik loyihalarining amalga oshishini kechiktirardi. Endi esa tadbirkor aktivni xarid qilish jarayoni bilan bir vaqtning o‘zida uni ishga tushirishga tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Farmonda uzoq vaqt davomida xaridor topa olmayotgan davlat aktivlarini realizatsiya qilishning yangi mexanizmlari ham belgilandi.
Agar aktiv ochiq savdolarda 3 oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytirish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, sotilmagan ob’ektlar uchun «gibrid auksion», ya’ni narx dastlab pasaytirilib, keyin talab shakllanishiga qarab oshirib boriladigan savdo mexanizmi ham qo‘llaniladi. Bu tizim aktivlarning bozorda haqiqiy talabga ega bo‘lgan narxini aniqlashga xizmat qilishi mumkin. Chunki yuqori boshlang‘ich narxlar ko‘pincha aktivlarning uzoq vaqt sotilmay qolishiga sabab bo‘ladi.
Farmonda yer uchastkalaridan tadbirkorlik maqsadlarida samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Endilikda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zarur ruxsatnomalar bilan ta’minlangan «tayyor paket» usulidagi yer uchastkalari savdoga chiqarilishi mumkin. Bu tadbirkor uchun qo‘shimcha byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi. Ya’ni, yer maydonini sotib olgandan keyin elektr, gaz, suv tarmoqlari yoki ruxsatnomalar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun uzoq vaqt sarflash zarurati qisqaradi.
Olis va xaridorgirligi past hududlardagi yer uchastkalarini esa muayyan investitsiya loyihalarini amalga oshirish sharti bilan yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritishga ruxsat beriladi. Bu orqali hozircha investorlar e’tiboridan chetda qolayotgan hududlarga ham yangi biznes va sarmoyalarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Farmon davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni belgiladi.
Ma’lumki, qarzdorlikni undirish jarayonida ayrim ko‘chmas mulklar, aksiyalar va boshqa aktivlar banklar balansiga o‘tib qoladi. Bunday aktivlar uzoq vaqt sotilmay turishi banklar uchun ham, iqtisodiyot uchun ham samarasiz holatni yuzaga keltiradi.
Endilikda davlat ishtirokidagi banklar qarzdorlik evaziga balansga qabul qilingan mol-mulklarni realizatsiya qilishda qator yangi mexanizmlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Jumladan, aktiv 3 oy davomida sotilmasa, boshlang‘ich narxni bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytirish, auksion qadamini 1 foiz etib belgilash, takroriy savdoda bitta talabgor qatnashsa, aktivni unga e’lon qilingan narxda sotib olishni taklif qilish, savdo e’lonlari muddatini qisqartirish mumkin. Shu bilan birga, 3 oy davomida sotilmagan aktivlarni gibrid «anglo-golland» auksioni orqali realizatsiya qilish mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, davlat ishtirokidagi banklar bunday aktivlarni sotishda boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmlarini ham qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Bu o‘zgarishlar banklar balansida yillar davomida qolib ketishi mumkin bo‘lgan aktivlarni tezroq sotish, ularni yana iqtisodiy aylanmaga qaytarishga xizmat qilishi kutilmoqda. Tijorat banklari balansiga qarzdorlik evaziga o‘tgan ko‘chmas mulklarni sotib oluvchilar uchun ham qator yengilliklar belgilanmoqda. Xususan, belgilangan shartlar asosida bunday ob’ektlarni sotib olgan xaridorlar hamda banklar 2030-yil 1-yanvarga qadar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu chora, ayniqsa, faoliyatsiz turgan yoki qo‘shimcha sarmoya talab qiladigan ob’ektlarga investorlarni jalb qilishda muhim rag‘bat bo‘lishi mumkin.
Farmon bilan xususiylashtirish sohasidagi institutsional tizim ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Davlat aktivlarini xususiylashtirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi faoliyati tugatilib, uning vakolatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Bu qaror xususiylashtirish jarayonlarida boshqaruvni markazlashtirish va qaror qabul qilish tizimini soddalashtirishga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, raqobat muhiti shakllangan sohalarda byudjetdan moliyalashtirilmaydigan yangi davlat muassasalarini tashkil etish cheklanadi.
Mavjud tijorat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan davlat muassasalarini esa 2026-yil 1-dekabrga qadar xo‘jalik jamiyatlariga aylantirish vazifasi belgilangan. Farmonning umumiy mazmunidan ko‘rinadiki, davlat iqtisodiyotda bevosita ishtirok etuvchi sub’ekt sifatidagi o‘rnini bosqichma-bosqich qisqartirib, xususiy sektor uchun kengroq maydon yaratishni maqsad qilmoqda. Bunda davlat aktivlarini sotishning o‘zi asosiy maqsad emas. Asosiy vazifa — sotilgan aktivlarni samarali ishlatish, yangi investitsiyalar jalb qilish, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirishdan iborat.
Tadbirkorlarga boshlang‘ich to‘lovlarni kamaytirish, uzoq muddatli foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish, soliq imtiyozlarini joriy qilish va savdo mexanizmlarini soddalashtirish xususiy investorlar ishtirokini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, xususiylashtirish jarayonining samarasi faqat qancha aktiv sotilgani bilan emas, balki ularning keyingi taqdiri — qancha investitsiya kiritilgani, qancha yangi ish o‘rni yaratilgani va iqtisodiyotga qanday qo‘shimcha qiymat olib kirgani bilan baholanadi.
Prezident farmonida belgilangan yana bir muhim jihat — ko‘zda tutilgan mexanizm va yengilliklarning tegishli qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy etilishidir. Bu esa islohotlarni qog‘ozda emas, balki real iqtisodiy jarayonlarda tezroq amalga oshirishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu farmon O‘zbekistonda davlat ishtirokini qisqartirish siyosatidagi navbatdagi muhim qadamdir. Yangi tartiblar davlat aktivlarini sotish jarayonini tezlashtirish, banklar balansidagi samarasiz aktivlarni iqtisodiy aylanmaga qaytarish va xususiy sektor uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir. Endi asosiy masala — ushbu imkoniyatlardan tadbirkorlar va investorlar qay darajada samarali foydalana olishi hamda xususiylashtirish natijasida iqtisodiyotda haqiqiy samaradorlikka erishilishidir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA