Eski avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi: ekologik xavfga qarshi yangi qadam
O‘zbekistonda atmosfera havosining ifloslanishi tobora dolzarb muammoga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, shaharlarda transport vositalari sonining keskin ortishi havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, eski va ekologik talablarga javob bermaydigan avtomobillar zararli chiqindilarning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi.
Shu bois, mamlakatda ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich utilizatsiya qilish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi tartib nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilash, balki iqtisodiy va ijtimoiy samaradorlikka erishishni ham ko‘zda tutadi.
Nega bugun utilizatsiya masalasi dolzarb?
So‘nggi yillarda mamlakat aholisi soni va avtomobillarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Xususan, Toshkent shahrida har kuni qariyb 600 mingga yaqin transport vositasi harakatlanadi. Bu esa havoga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorining ortishiga olib kelmoqda.
Eski avtomobillar yangi transport vositalariga nisbatan ko‘proq yonilg‘i sarflaydi va atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari hamda boshqa zararli moddalarni ko‘p miqdorda chiqaradi. Natijada havo sifati yomonlashib, aholi salomatligiga xavf tug‘iladi.
Xalqaro tajriba nimani ko‘rsatmoqda?
Bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq davlatida eski avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Fransiya, Germaniya, Yaponiya, AQSH va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda fuqarolarni eski avtomobillardan voz kechishga rag‘batlantirish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.
Masalan, Germaniyada “Utilizatsiya uchun mukofot” dasturi orqali eski avtomobilni topshirib, yangi mashina sotib olgan fuqarolarga davlat tomonidan imtiyozlar berilgan. Yevropa shaharlarida esa ekologik talablarga javob bermaydigan transport vositalari uchun qo‘shimcha to‘lovlar va hatto harakatlanish cheklovlari joriy etilgan.
Bu tajriba eski avtomobillardan bosqichma-bosqich voz kechish nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham o‘zini oqlashini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda qanday tartib joriy etiladi?
Yangi tizimga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan avtomobillar egalaridan bozor bahosida sotib olinadi va utilizatsiyaga yuboriladi.
Avtomobil egalariga esa yangi avtomobil sotib olish uchun elektron vaucher berish yoki vaucher qiymatini pul ko‘rinishida taqdim etish kabi ikki xil imkoniyat taklif etiladi.
Elektron vaucher orqali mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, qolgan mablag‘ni bir yildan ortiq muddat davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratiladi.
Ekologik kompensatsiya ham joriy etiladi
Yangi tartibda eski avtomobillarni o‘z vaqtida utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar uchun ekologik kompensatsiya to‘lovi ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, avtomobil egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida to‘lov amalga oshirishi mumkin.
Bu mexanizm fuqarolarni ekologik jihatdan xavfli transport vositalaridan voz kechishga undashga xizmat qiladi.
Utilizatsiyaning iqtisodiy ahamiyati
Eski avtomobillarni utilizatsiya qilish faqat havoni muhofaza qilish bilan cheklanmaydi. Avtomobil tarkibidagi metall, plastmassa va shisha kabi materiallarni qayta ishlash orqali iqtisodiyotga qayta jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Shuningdek, chiqindilar hajmi kamayadi, yangi xomashyo sarfi qisqaradi, qayta ishlash sanoati rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yo‘l harakati xavfsizligi yaxshilanadi.
Eski avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimini joriy etish O‘zbekiston uchun ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Bu tashabbus havo sifati yaxshilanishi, aholi salomatligini muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Tabiatni asrash har bir insonning mas’uliyati. Atrof-muhitga ehtiyotkor munosabat va ekologik madaniyatni yuksaltirish esa kelajak avlodlar uchun sog‘lom va musaffo muhit yaratishning muhim sharti hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA