Taassurotlarga boy sayohat
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining professor-o‘qituvchilari va faol talabalar 1-3-may kunlari “Do‘stlik karvoni” shiori ostida Toshkent shahrining tarixiy-madaniy joylarda bo‘lib, qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda hamda ishtirok etdi.
Dastlab, mehmonlar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida qatnashdi. Unda talaba-yoshlar oliy ta’lim tizimidagi yangilanishlar, zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi. Ushbu uchrashuv yoshlar o‘rtasida ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

Shundan so‘ng, Adiblar xiyobonida qoraqalpoq adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan qoraqalpoq xalqining atoqli vakillari Berdaq G‘arg‘aboy o‘g‘li, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibrayim Yusupovning haykallari poyiga gullar qo‘yib, ularning yorqin xotirasi hurmat bilan yodga olindi. Shuningdek, shu yerda ushbu insonlarning hayot yo‘li va ijodiy asarlaridan tayyorlangan “Sahro bulbullari nomini olgan yozuvchi va shoirlar” nomli konsert dasturi keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Talaba-yoshlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, boy tarixiy va madaniy merosimizni aks ettiruvchi noyob eksponatlar bilan tanishdi. Markazda olib borilayotgan ilmiy-ma’rifiy ishlar, Islom sivilizatsiyasining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, “G‘alaba bog‘i”da “Milliy armiya – bizning g‘ururimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etib, bu yerda yoshlar Vatan himoyachilarining jasorati, mardligi va fidoyiligi haqida keng tasavvurga ega bo‘ldi.
Tashrif davomida “Amir Temur oyligi” doirasida “Maqsadlar yo‘lida birlashaylik” shiori ostida sayohat tashkil etildi. Unda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur haykali yonida yoshlar tomonidan tarixiy merosimizga hurmat ko‘rsatildi. Uning bunyodkorlik va davlat boshqaruvidagi xizmatlari haqida so‘z yuritildi.

Ushbu tashrif davomida o‘tkazilgan tadbirlar yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi. “Do‘stlik karvoni” tashabbusi esa turli hududlar yoshlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va istiqboldagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri