Suvsiz qishloq: Tudanadagi muammo qanday hal etilmoqda?
Qamashi tumanidagi Tudana qishlog‘i aholisi ichimlik suvi muammosi yuzasidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga murojaat qildi. Murojaatda tog‘li hududda joylashgan qishloqda yilning, ayniqsa, yoz oylarida ichimlik suvi tanqisligi kuchayishi, aholi suvni uzoq masofadan yuqori narxlarda sotib olishga majbur bo‘layotgani bildirilgan. Murojaat yuzasidan O‘zA muxbiri hududda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi.
Qamashi tuman markazidan qariyb 30 kilometr uzoqda, tog‘oldi hududida joylashgan Tudana qishlog‘iga yetib borishning o‘ziyoq bu yerning tabiiy sharoiti haqida tasavvur beradi. Atrofi qir-adirlar bilan o‘ralgan, aholisi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan bu maskanda eng katta muammo ichimlik suvi.
Qishloq oqsoqollarining aytishicha, ilgari bu hududlar cho‘ponlarning qishlovi bo‘lgan. Keyinchalik doimiy yashovchilar ko‘payib, qishloq shakllangan. Ammo yillar o‘tishi bilan tabiiy suv manbalari kamayib, bugungi kunda aholining eng dolzarb ehtiyoji aynan ichimlik suviga aylangan.
Bu yerda suv tanqisligini raqamlar emas, manzaraning o‘zi guvohlik beradi. Har bir xonadon hovlisida daraxtlar kam. Tomorqalarda ekin ekish imkoniyati cheklangan. Yoz faslida esa aholi har bir tomchi suvni tejab ishlatishga majbur.
– Eng yaqin katta buloq Dovud qishlog‘ida. Shu yerdan suv tashib kelishadi. Bir mashina suv uchun 180-200 ming so‘m to‘laymiz. Ba’zan esa masofa uzoqligi sabab narx yanada oshib ketadi. Qishloqdagi ikki quduq suvi ichishga yaroqsiz, uni faqat chorva uchun ishlatamiz. Yerni 90 metrgacha qazib ko‘rildi, lekin ichimlik suvi chiqmadi, – deydi mahalliy aholi vakili Elmurod Boyirov.
Manzura Norboyeva ham bu muammo ancha yillardan buyon davom etayotganini aytadi.
– Yozda suv tanqisligi yanada kuchayadi. Ayrim paytlarda bir mashina suv uchun 450-500 ming so‘mgacha to‘lashga to‘g‘ri keladi. Yomg‘ir yoqqanda tomdan tushgan suvni maxsus hovuzlarga yig‘ib, ro‘zg‘orda foydalanamiz, – deydi u.
Shu qishloqlik Oltinoy Jabborovaning fikricha, keyingi yillarda infratuzilmada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgan.
– Ilgari yo‘llarimiz chang va loy edi, hozirda shag‘allashtirildi. Endi eng katta orzumiz ichimlik suvi muammosining yengillashishi. Agar quvur tortish imkoni bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda suv arzonroq narxda yetkazib berilsa, aholiga katta yengillik bo‘lar edi, – deydi u.
Murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan Qamashi tuman suv ta’minoti korxonasi mas’ullaridan ham izoh olindi.
Korxona mas’uli Alisher Umbarovning ta’kidlashicha, muammo, avvalo, hududning tabiiy-relef sharoiti bilan bog‘liq.
– Tudanada suv tanqisligi asosan yoz oylarida kuzatiladi. Qolgan fasllarda chashma va buloqlar suv beradi. Yozda esa qurib qoladi. Bu yerga markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘ini tortish texnik jihatdan juda murakkab va katta mablag‘ talab qiladi. Artezian qudug‘i qazish masalasi ham o‘rganildi, ammo gidrogeologik xulosaga ko‘ra, suv manbasi aniqlanmadi.
Uning aytishicha, ayni paytda eng maqbul yechim sifatida maxsus avtotransport orqali suv yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
– Aholi bilan kelishuvga erishildi. Transport xarajatlarining bir qismi aholi tomonidan qoplanadi, natijada suv avvalgiga nisbatan arzonroq narxda yetkazib beriladi, – deydi mas’ul.
Ma’lum bo‘lishicha, Qamashi tumanida Tudanadan tashqari Qizilqishloq, Oqqishloq va ayrim boshqa tog‘li hududlarda ham suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjud. Bugungi kunda tuman aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 32 foizni tashkil etadi.
“Dovud” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nurmuhammad Nazarovning ma’lum qilishicha, mahalla tarkibida beshta qishloq bo‘lib, ularda 3890 nafar aholi istiqomat qiladi. Tudana qishlog‘ining o‘zida 30 ta oila, 160 nafar aholi yashaydi.
– Keyingi yillarda qurg‘oqchilik sabab buloqlarning suvi yoz oylarida qurib qoladigan bo‘ldi. Shu bois aholi va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida vaqtinchalik yechim sifatida suvni maxsus avtomashinalarda arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berishga kelishildi. Shu bilan birga, infratuzilmani yaxshilash ishlari ham davom etmoqda. Joriy yilda mahallaga 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shu hisobdan Tudanaga olib boruvchi 7,5 kilometr yo‘l shag‘allashtirildi, – deydi u.
Surishtiruv davomida aholi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida amaliy kelishuvga erishilganiga guvoh bo‘ldik. Suhbatlar yakunlanishi bilan qishloqqa ichimlik suvi ortilgan maxsus avtotransport yetib keldi va suv ehtiyojmand xonadonlarga tarqatila boshlandi.
Albatta, maxsus transport orqali suv yetkazib berish masalaning tub yechimi emas. Biroq tabiiy va geologik sharoit markazlashgan suv tarmog‘ini barpo etishga imkon bermayotgan hududlarda buguncha aholi ehtiyojini qondirishning eng maqbul yo‘li sifatida ko‘rilmoqda. Eng muhimi, murojaat e’tiborsiz qolmadi, muammo joyiga chiqib o‘rganildi va aholi hamda mas’ullar o‘rtasida amaliy yechim bo‘yicha kelishuvga erishildi.
[gallery-30556]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA