Bolalar ombudsmani: bolalar huquqlari buzilgani bo‘yicha 33 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Joriy yil birinchi yarmida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?
Bolalar ombudsmani axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, vakil nomiga 1 ming 147 murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 30 foizga oshgan.
Bolalar ombudsmani 868 murojaatni nazoratga olgan. Murojaatlarning 21 tasi voyaga yetmagan shaxslar tomonidan yo‘llangan. Bu davr ichida vakil tomonidan 16 marotaba shaxsiy qabul o‘tkazildi.
Bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga 9 ta’sir chora hujjatlari, ya’ni ogohlantirish, 3 taqdimnoma, 3 xulosa va 2 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi.
Natijada bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 8 jinoyat ishi hamda 15 ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Bolaga jismoniy jazo qo‘llagani hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun 8 nafar pedagog xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. 6 nafar pedagog xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil so‘rovlari asosida tergovga qadar tekshiruv to‘liq o‘tkazmaganligi tufayli jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 6 ta qaror prokuror tomonidan bekor qilinib, qayta o‘rganish uchun yuborilgan.
Monitoring faoliyati yo‘nalishida bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga 56 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirilib, muassasada saqlanayotgan 1 ming 289 nafardan ortiq bolalar bilan yakka va jamoaviy uchrashuv hamda suhbatlar o‘tkazildi.
Internet tarmog‘i monitoringida aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid holatlar mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilishi natijasida 25 jinoyat ishi hamda 17 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
O‘z navbatida, davlat organlari va tashkilotlar faoliyatida monitoringlar natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi yuzasidan 9 ta’sir hujjati – 4 taqdimnoma, 3 ogohlantirish va 2 xulosa kiritildi.
Bundan tashqari, fuqarolarning murojaatlari va bolaga qarshi jinoyatlarga oid sud xabarnomalari asosida Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari 12 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qator xalqaro tashkilotlar o‘rganishlari doirasida O‘zbekistonda bola huquqlari ta’minlanishi masalalarida tegishli ravishda 12 tahliliy ma’lumot kiritildi.
Mutaxassislarning bola huquqlari yuzasidan salohiyatini oshirish bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlikda idoralararo uchta qo‘shma hujjat ishlab chiqilib, malaka oshirish jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Davlat organlari faoliyatini monitoring va tahlil qilish asosida davlat organlari va tashkilotlarga bola huquqlarining buzilishi bo‘yicha 3 axborot, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha 41 taklif hamda 2 ta tahliliy ma’lumotnoma kiritildi.
Bola huquqlari sohasida milliy qonunchilik va xalqaro standartlarni targ‘ib qilish hamda bola manfaatlari himoyasiga oid mingdan ziyod media-material jamoatchilikka e’lon qilindi.
2026-yil birinchi yarim yilligida Bola huquqlari himoyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida jami 10 ta tadbir va loyihalar tashkil etildi. Jumladan, Bolalar ombudsmani Yunisef bilan hamkorlikda “Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonundan xabardorlik yuzasidan bolalarni fikrini o‘rganish maqsadida 9,5 ming nafardan ortiq bolalar o‘rtasida keng qamrovli so‘rovnoma o‘tkazildi.
Bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, YUNISEF hamda Shvetsiya xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi (SIDA) bilan qo‘shma amaliy loyiha yo‘lga qo‘yilib, uning doirasida xorijda murakkab vaziyatda bo‘lgan bolalarni himoya qilishga oid idoralararo tashkiliy choralar hamda noqonuniy migratsiyaning bolalarga ta’sirining oldini olish mexanizmini samarali yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning MDHga a’zo davlatlar Bola huquqlari bo‘yicha vakillari bilan izchil xamkorligi doirasida xorijiy davlat hududida turli ijtimoiy murakkab vaziyatda qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan bolalarni Vatanga qaytarish, zo‘ravonlikdan himoya qilish va uni sodir etgan shaxsga qonuniy chora ko‘rish, bolani vasiylikka berish, uning shaxsiga oid xujjatlarini rasmiylashtirish orqali bolaga tibbiy xizmat va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
2026-yilning birinchi yarim yilligida Bolalar ombudsmani va xorijiy, milliy mutasaddi idoralar sa’y-harakati bilan jami 22 nafar bola xorijdan yurtimizga qaytarildi.
Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Bolalar ombudsmanlari hamkorligidagi choralar natijasida qarovsiz qolib ketgan 19 nafar bolaga bo‘lib turgan hududida barcha zarur shart-sharoitlar ta’minlandi va keyin ular O‘zbekistonga qaytarildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA