Suvdan oqilona va samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, irrigatsiya tizimini takomillashtirish hamda qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Navoiy viloyatida 2026-2027-yillar kuzgi-qishki mavsumiga tayyorgarlik doirasida aniq chora-tadbirlar asosida ishlar tashkil qilinmoqda. Hududda irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, gidrotexnik inshootlar va gidropostlarni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

- Belgilangan rejaga ko‘ra, viloyatda 233 kilometr xo‘jaliklararo va 242 kilometr ichki tarmoqlarni tozalash, 202 ta gidrotexnik inshoot hamda 175 ta gidropostni ta’mirlash ko‘zda tutilgan, - deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘iyos Djanzakov. - Bugungi kunga qadar 35 kilometr xo‘jaliklararo kanal, 33 kilometr ichki tarmoq va 266 kilometr ariq tozalandi. Shuningdek, 105 ta gidrotexnik inshoot va gidropost ta’mirlandi. Albatta, kanal va ariqlarning o‘z vaqtida tozalanishi suvning erkin harakatlanishini ta’minlasa, gidrotexnik inshootlar va gidropostlarni ta’mirlash suv oqimini nazorat qilish, uni hisobga olish va iste’molchilarga belgilangan hajmda yetkazib berish imkonini kengaytiradi. Eng muhimi, bunday ishlar suv yo‘qotishlarini kamaytirish va mavjud resursdan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suv resurslari cheklangan hududda har bir kub metr suvdan samarali foydalanish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, hosildorlikni oshirish va yer maydonlaridan unumli foydalanish bilan bevosita bog‘liq. Shu bois irrigatsiya tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash nafaqat suv xo‘jaligi, balki hududning iqtisodiy barqarorligi uchun ham muhim omildir.

Bugungi kunda har bir sohada samaradorlik va natijadorlik asosiy mezonga aylanmoqda. Chunki suv qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi va hududlar iqtisodiy salohiyatini ta’minlovchi strategik resursdir. Irrigatsiya tarmoqlarining tozalanishi, gidrotexnik inshootlarning ta’mirlanishi va suv o‘lchash postlarining ish holatiga keltirilishi kelgusida suvni iste’molchilarga o‘z vaqtida va belgilangan hajmda yetkazib berish imkonini oshiradi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri