O‘zbekistonda iste’mol narxlari oshdi
2026-yil sentabr oyida O‘zbekistonda iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya darajasi esa 6,4 foizni tashkil etdi.
Yillik inflyatsiya pasaydi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentabr oyida yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 6,4 foizni tashkil qildi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yil sentabr oyidagi 8,0 foiz bilan taqqoslaganda, 1,6 foiz bandga past.
Oylik kesimda esa iste’mol sektoridagi narxlar 0,7 foizga oshgan. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1 foiz, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foiz, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar narxi esa 0,9 foizga qimmatlashgan.
Tuxum va go‘sht mahsulotlari qimmatlashdi
Sentyabr oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng sezilarli qimmatlashuv tuxum narxida qayd etildi — 5,3 foiz.
Shuningdek, suyakli mol go‘shti 1,7 foiz, qo‘y go‘shti 1,3 foiz, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foizga qimmatlashgan.
Grechka narxi 1,1 foizga, guruch va guruch oqshog‘i 1 foizga, xom va qaymog‘i olinmagan sut hamda sariyog‘ narxi 0,8 foizga oshgan.
Pomidor va bodring narxi keskin ko‘tarildi
Meva-sabzavot mahsulotlari orasida sentabr oyida ayrim mahsulotlar narxida sezilarli o‘sish kuzatildi.
Xususan, pomidor narxi 14,2 foizga, bodring 13,5 foizga, sabzi 12,4 foizga qimmatlashdi.
Shuningdek, bulg‘or qalampiri narxi 4,9 foiz, baqlajon 4,7 foiz, piyoz esa 2,6 foizga oshdi.
Ayrim meva mahsulotlari esa, aksincha, arzonlashdi. Sitrus mevalar narxi 12 foizga, uzum 5,7 foizga, olma 2,4 foizga va banan 1,7 foizga pasaydi.
Benzin va propan qimmatlashdi
Nooziq-ovqat tovarlari segmentida avtomobil yoqilg‘isi narxlarida ham o‘sish qayd etildi.
Sentyabr oyida AI-95 markali benzin narxi 4,2 foizga, AI-92 markali benzin 0,7 foizga, AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 0,4 foizga oshdi.
Propan narxi ham 4,2 foizga qimmatlashgan. Metan narxida esa o‘zgarish qayd etilmagan.
Ta’lim va huquqiy xizmatlar narxi oshdi
Xizmatlar sohasida ham ayrim yo‘nalishlarda sezilarli qimmatlashuv kuzatildi.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlari narxi 6,8 foizga, huquqiy tusdagi xizmatlar 6,6 foizga oshgan.
Shartnoma asosida davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish narxi 6,3 foizga, xususiy umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘qish 6 foizga qimmatlashgan.
Shuningdek, avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari 2,2 foiz, sovuq suv va kanalizatsiya uchun haq to‘lash 2,1 foiz, xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlari esa 1,7 foizga oshgan.
Narxlar qanday hajmda kuzatildi?
Mazkur hisob-kitoblarida mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari qamrab olingan.
Ushbu kuzatuvlar doirasida 2 milliondan ortiq narx qayd etilgan. Tahlillarda 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatilgan.
Shu tariqa, sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxining o‘sishi umumiy iste’mol narxlari dinamikasiga asosiy ta’sir ko‘rsatgan.
Hamroz Bayonov,O‘zA