Suv sohasini rivojlantirish bo‘yicha ekspertlar yig‘ini o‘tkazildi
Toshkent shahrida “O‘zbekistonning suv sohasidagi islohoti: natija, chaqiriq va istiqbol” mavzusida Ekspertlar kengashi birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunboyev ochib, so‘nggi yillarda ayni yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishilganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, davlat rahbarining bevosita e’tibori tufayli soha taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi. Xususan, Suv kodeksi qabul qilinib, 2030-yilgacha rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
– Ayniqsa, suv tejovchi texnologiyani joriy qilish, raqamlashtirish va sug‘orish tarmog‘idagi yo‘qotishni kamaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, – dedi Timur Butunboyev.
Shuningdek, notiq mamlakatimizning suv inqirozini yumshatish borasidagi yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganini bildirdi. Jumladan, BMT doirasida bu boradagi O‘zbekiston tajribasiga qiziqish ortib boryapti.
Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi direktori Andrin Fink Markaziy Osiyo uchun suv masalasi strategik ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratarkan, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligi mintaqadagi eng dolzarb chaqiriqlardan biriga aylanganiga urg‘u berdi. Shu bois Yevropaning ushbu davlati ko‘p yildan buyon mintaqamizdagi suv bilan bog‘liq loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
– O‘tgan yil qabul qilingan yangi Suv kodeksi, gender harakat rejasi, suv tejovchi texnologiya va raqamlashtirish yo‘nalishlarida biz donorlar bilan yaqin hamkorlik qilyapmiz, – dedi Andrin Fink. – Ekspertlar kengashi doimiy muloqot va muvofiqlashtirish maydoniga aylanishi lozim. Bunday format nafaqat muammoni muhokama qilish, balki O‘zbekiston uchun amaliy yechim ishlab chiqishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro suv xo‘jaligi instituti va ekspert doira vakillari ham ishtirok etdi.
Munozaralarda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi hamda transchegaraviy munosabat bilan bog‘liq zamonaviy chaqiriqlar yangicha yondashuv, ilmiy asoslangan qarorlar talab qilayotgani ta’kidlandi.
Muloqot yakuni bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif, tavsiyalar kelgusida sohani rivojlantirishga qaratilgan strategik va dasturiy hujjatlar uchun muhim tahliliy asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
[gallery-30151]
Dilshod Hakimov,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA