Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqilmoqda
Toshkentda «Suv va salomatlik masalalari bo‘yicha Protokol doirasida O‘zbekistonning maqsadli ko‘rsatkichlari loyihasini ko‘rib chiqish va aniqlashtirish» mavzusida manfaatdor tomonlar ishtirokidagi ikkinchi texnik seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi – Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosining Suv va salomatlik masalalari bo‘yicha Protokol kotibiyati hamkorligida, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston 2023-yil dekabr oyida Suv va salomatlik masalalari bo‘yicha Protokolga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Protokolning 6-moddasiga muvofiq mamlakat suv ta’minoti, sanitariya, gigiyena va aholi salomatligi sohalarida tarmoqlararo hamda kompleks maqsadli ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va belgilash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakat uchun ishlab chiqilgan deyarli yakuniy maqsadli ko‘rsatkichlar loyihasini muhokama qilish, ularni milliy ustuvor yo‘nalishlar, xalqaro majburiyatlar va barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat organlari, ilmiy muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari, taraqqiyot banklari hamda donor tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar maqsadli ko‘rsatkichlar loyihasining aniq ifodalari, indikatorlari, amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, suv resurslarini barqaror boshqarish, ichimlik suvi sifati, sanitariya va aholi salomatligini muhofaza qilish masalalari o‘zaro bog‘liq holda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda O‘zbekiston 2050-yilgacha mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish, suv ta’minoti, sanitariya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarini qamrab olgan kompleks milliy strategik hujjatni ishlab chiqmoqda. Shu bois, seminar doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni mazkur strategik hujjat bilan uyg‘unlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida maqsadli ko‘rsatkichlar loyihasini yanada takomillashtirish hamda uni belgilangan tartibda rasmiy tasdiqlash uchun tayyorlash bo‘yicha keyingi ishlar amalga oshiriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA