Surxondaryoda yosh iste’dodlar kashf etildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida yoshlarning ijodiy salohiyati, san’atga mehri va orzu-intilishlari yana bir bor katta sahnada namoyon bo‘ldi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST tanlovining viloyat bosqichi iste’dod va mahorat maydoniga aylandi.
Tanlovning saralash bosqichlarida 27 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 122 nafar iqtidorli ishtirokchi viloyat bosqichida o‘z ovoz imkoniyatlari, ijodiy yondashuvi va sahna madaniyatini namoyon qildi.
Termiz shahridagi “Baxshilar maktabi”da bo‘lib o‘tgan tanlovda estrada, an’anaviy ijro, opera va baxshichilik yo‘nalishlari bo‘yicha chiqishlar namoyish etildi. Ishtirokchilar 10–15, 16–22 va 23–30 yosh toifalarida bellashdi.
Baholash jarayonida respublikadan taklif etilgan malakali hakamlar hay’ati har bir chiqishga xolisona baho berdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘oliblar munosib taqdirlandi. Eng muhimi, birinchi o‘rinni egallagan 12 nafar ishtirokchi respublika bosqichida Surxondaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha aniqlandi:
“Estrada” yo‘nalishida Nargiza Xolliyeva (Termiz shahri), Shohruh Fayzullayev (Qiziriq tumani) va Maftuna Rustamova (Angor tumani) g‘olib deb topildi. “An’anaviy ijro” yo‘nalishida Suxrob Erkinov (Termiz tumani), Farzona Tilovmurodova (Denov tumani) hamda Nodir Vahobov (Boysun tumani) yuqori natija qayd etdi. “Opera” yo‘nalishida Yigitali Mahmudov (Termiz shahri), Jamshid Rashidov (Angor tumani) va Asomiddin Alimov (Qiziriq tumani) g‘oliblar safidan joy oldi.“Baxsh ichilik” yo‘nalishida esa Yahyobek Hayitov (Oltinsoy tumani), Odiljon Tursunov (Sherobod tumani) hamda Asliddin Raupov (Qumqo‘rg‘on tumani) birinchi o‘rin sohiblari sifatida e’tirof etildi.
[gallery-29594]
“Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST bugun yoshlar uchun nafaqat tanlov, balki orzu va imkoniyatlar sari ochilgan muhim ijodiy maydonga aylanmoqda. Tanlovda ishtirok etgan iste’dodli yoshlar kelgusida milliy san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA