Surxondaryoda yosh askarlar qasamyod qildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan harbiy qismda mamlakatimizning turli hududlaridan chaqirilgan yosh askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda askarlarning ota-onasi va yaqinlari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olganlar mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, muddatli harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda harbiy qismlarda xizmat qilayotgan yoshlar uchun nafaqat harbiy tayyorgarlik, balki ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, jismoniy chiniqish hamda kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari yaratilgan. Xususan, “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida muddatli harbiy xizmatchilarni kasbga yo‘naltirish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Bu esa yoshlarning harbiy xizmat davomida muayyan kasb-hunar egallashi, kelgusida hayotda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda harbiy xizmat nafaqat Vatan himoyasi, balki hayot maktabi vazifasini ham bajarmoqda.
[gallery-29013]
Qasamyod qabul qilgan yosh askarlar Vatan oldidagi muqaddas burchini sidqidildan bajarishga, xalqimiz tinchligi va yurt osoyishtaligini himoya qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Bunday tadbirlar yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA