Xotira — muqaddas, qadr — abadiy
Ushbu ezgu g‘oya insonni o‘tmishni unutmaslikka, ajdodlar xotirasiga hurmat bilan qarashga va tarix oldida mas’uliyatni his etishga chorlaydi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi xodimlari Guliston shahrida joylashgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif oddiy tanishuv emas, balki xalqimiz tarixining eng og‘ir va iztirobli sahifalari bilan yuzma-yuz turish, o‘tmishdan saboq olish va xotirani yod etishga qaratilgan chuqur ma’naviy uchrashuv bo‘ldi.
Guliston davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi millatimizning murakkab tarixiy jarayonlarini o‘zida mujassam etgan, tarixiy adolatni tiklashga xizmat qilayotgan muhim ma’naviy maskanlardan biridir. Bu yerda xalqimiz boshidan kechirgan mustamlakachilik siyosati, ijtimoiy tazyiqlar hamda siyosiy qatag‘onlar davri hujjatlar, fotosuratlar va noyob eksponatlar orqali jonli tasvirlangan.
[gallery-29023]
Muzey ekspozitsiyalarida Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi, XX asrning 20-30-yillaridagi “quloqlashtirish” siyosati, ommaviy qatag‘onlar hamda mustaqillik uchun kurashgan fidoyi vatandoshlarimizning taqdiri keng yoritilgan. Shuningdek, “xalq dushmani”, “vatan xoini” kabi nohaq tamg‘alar ostida jabr ko‘rgan minglab insonlarning hayoti va fojiali qismati tarixiy dalillar asosida namoyish etiladi.
Tashrif davomida Adliya boshqarmasi jamoasi muzey zalida saqlanayotgan arxiv hujjatlari, shaxsiy buyumlar, nodir kitoblar va fotosuratlar bilan yaqindan tanishib, qatag‘on qurbonlarining hayoti, ularning ilmiy va ma’naviy merosi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar tomonidan berilgan izohlar esa ishtirokchilarda tarixiy xotiraga nisbatan chuqur hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Ma’lumki, ushbu muzey O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida tashkil etilib, 2019-yildan boshlab o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Muzey fondida 1860-yildan 1990-yillargacha bo‘lgan davrda qatag‘on qilingan shaxslar hayotiga oid kundaliklar, yozishmalar, arxiv materiallari hamda ilmiy tadqiqotlar jamlangan.
– Bundayin tashriflar yosh avlodda tarixiy xotirani mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash va ajdodlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova.
Darhaqiqat, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi xalqimizning og‘riqli o‘tmishini yodga solib, uni unutmaslik, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va tarixni asrab-avaylashga xizmat qilayotgan muqaddas ma’naviy maskan sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA