Surxondaryoda O‘quvchilar kengashining yetti yo‘nalish bo‘yicha koordinatorlari saylandi
Surxondaryo viloyatida maktab o‘quvchilarining ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida O‘quvchilar kengashi saylovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Termiz shahridagi Yoshlar markazida tashkil etilgan saylovda hududiy saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar ishtirok etdi. Ular kengashning yettita ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha koordinatorlik hamda «Kelajak lideri» nomiga o‘z nomzodlarini ilgari surdi.
Saylov jarayonida nomzodlar ta’lim, madaniyat, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, ekologiya, sport, media hamda ijtimoiy tashabbuslar yo‘nalishlaridagi loyihalarini taqdim etdi. O‘quvchilar o‘z g‘oyalari, ularni amalga oshirish imkoniyatlari va kelgusidagi rejalari haqida so‘z yuritdi.
Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari, tashabbuskorligi, jamoa bilan ishlash qobiliyati hamda ilgari surgan takliflarining amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Hakamlar hay’ati nomzodlarning taqdimotlarini tinglab, ular bilan suhbatlar o‘tkazdi.
Saylovda barcha ishtirokchilarga o‘z g‘oya va takliflarini erkin bayon etish uchun teng imkoniyat yaratilib, baholash hamda ovoz berish jarayonlari ochiq va shaffof tashkil etildi.
[gallery-32289]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Kelajak lideri» etib saylangan o‘quvchi hamda yettita yo‘nalish bo‘yicha saralangan koordinatorlarga ishonch yorliqlari topshirildi.
Mazkur tashabbus o‘quvchilarning yetakchilik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni jamoat ishlariga keng jalb etish, tengdoshlari manfaatlarini ifoda etish hamda ilgari surayotgan g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirishga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA