Otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin jarrohligida sun’iy intellekt va fanlararo yondashuv
Raqamli texnologiyalar shiddat bilan kirib borayotgan davrda tibbiyot sohasi ham tubdan o‘zgarmoqda. Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tgan “Otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin jarrohligida sun’iy intellekt va fanlararo yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ana shular keng muhokama qilindi.
Bugungi kunda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda davolash jarayonlarini avtomatlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas. Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida qabul qilingan dasturlar amalda o‘z samarasini berayotganini mazkur anjuman misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Anjumanning asosini inson omili xatolarini minimallashtirish va diagnostikani yuqori aniqlikka chiqarishda sun’iy intellekt (SI) imkoniyatlaridan foydalanish masalasi tashkil etdi.

Ta’kidlanganidek, otologiya, rinologiya, foniatriya va surdologiya kabi tor yo‘nalishlarda sun’iy intellekt algoritmlarining qo‘llanilishi shifokorlarga eng murakkab patologiyalarni ham tezkor va aniq tashxislash imkonini bermoqda.
Zamonaviy tibbiyotni birgina soha doirasida tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bosh va bo‘yin kasalliklari diagnostikasi jag‘-yuz jarrohligi, endokrinologiya, onkologiya, nevrologiya, kosmetologiya va hatto plastik jarrohlik kabi ko‘plab sohalar bilan uzviy bog‘liq.

– Fanlararo yondashuv (interdisciplinarity) prinsipiga asoslangan mazkur anjuman ana shu chegaralarni yo‘q qilib, mutaxassislarning o‘zaro integratsiyasini ta’minladi, – dedi Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuhrat Boymurodov. – Jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tibbiyot ta’lim tizimidan ham katta tezkorlikni va yangicha yondashuvlarni talab etayotgan bir davrda anjuman talabalarimiz va tadqiqotchilar uchun ham mahorat maktabi bo‘ldi. Otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin jarrohligida sun’iy intellekt kabi ilg‘or yo‘nalishlarni o‘quv jarayonlariga integratsiya qilish har qachongidan ham muhim. Universitetimiz va yetakchi ilmiy-amaliy markazlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik kelajakda nafaqat nazariy bilim beradigan, balki sun’iy intellekt algoritmlari va yuqori texnologiyali uskunalar bilan mustaqil ishlay oladigan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga keng yo‘l ochadi. Fransiya, Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar va talabalar almashinuvi ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘taradi.

Anjumanda Fransiya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlarning yetakchi olimlari, shuningdek, yurtimizning barcha hududlaridan malakali mutaxassislar ishtirok etdi. Hamkorlik memorandumlari imzolandi va qo‘shma kadrlar tayyorlash rejalari tuzildi. Shuningdek, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari va ilg‘or tibbiy adabiyotlar ko‘rgazmasi mutaxassislar uchun amaliy ko‘nikmalarni boyitish maydoni bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir dasturiga ko‘ra, mahorat darslari va klinik muhokamalar tashkil etildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA