Mamlakatimiz tuproqshunos olimlari Xitoydagi nufuzli xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etmoqda
Shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan "Voha qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga chidamliligi va barqaror rivojlanishi" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyasida yurtimizdan Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari ishtirok etmoqda.
Nufuzli xalqaro anjumanda institutning “Tuproq geografik axborot tizimlari va pedometrika bo‘limi” boshlig‘i Zafar Bahodirov hamda institutning Xorazm mintaqaviy bo‘linmasi direktori Maqsudbek Kariyev tuproq resurslarini boshqarish, agroekologiya va zamonaviy raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ilmiy ishlanmalarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etmoqda.
Konferensiya doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan olimlar va mutaxassislar ishtirokida agroekologik tizimlarni rivojlantirish, tuproq resurslarini muhofaza qilish, raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash hamda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan ilg‘or ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar muhokama qilinmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar ilmiy-amaliy tajribalar almashib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan muloqotlar olib bormoqda.

“O‘zbekistonda tuproq resurslarini barqaror boshqarishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar” mavzusidagi taqdimotda mamlakatimizda tuproq resurslarini samarali boshqarish, ularning holatini doimiy monitoring qilish, degradatsiya jarayonlarini baholash hamda yer resurslaridan oqilona foydalanishda sun’iy intellekt, geografik axborot tizimlari (GIS), masofadan zondlash va boshqa zamonaviy raqamli yechimlarning imkoniyatlari keng yoritildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, tuproq unumdorligini saqlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali foydalanishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga keng tatbiq etish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish mamlakatimiz agrar tarmog‘ining raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur xalqaro konferensiyada O‘zbekiston olimlarining ishtiroki ilmiy salohiyatimizni xalqaro maydonda keng namoyon etish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda tuproq resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz amaliyotiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA