Surxon vohasi gidroenergetik nur tarqatuvchi go‘shaga aylanmoqda
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
Surxondaryoga kelgan mehmonga betakror bu yurtning qadimiy yodgorliklari, tog‘u daryolari, vohada yuz bergan o‘zgarishlarini ko‘rsatishdan o‘zgacha huzur olaman. Va yana go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh zilol suvlari, qalbi daryo, soddadil odamlari bilan tanishtirishni xush ko‘raman.
Viloyatning bugungi gidroenergetik salohiyati haqida maqola yozmoqchi bo‘ldimu, beixtiyor bundan yigirma yillar avvalgi bir voqea yodimga tushdi.
Yoz chillasi. Tong mahali poytaxtlik uch hamkasbim Termizga keldi. Kutib oldim. Ulug‘ allomalar tug‘ ko‘tarib turgan qadimiy kentda diydor ko‘rishganimizdan boshim ko‘kka yetgudek bo‘ldi. Xursandchiligimdan o‘zimni qo‘yarda joy topolmayotganga o‘xshayman. Nonushta mahali boradigan manzillarni bamaslahat belgilab oldik. Ro‘yxatga Sariosiyo tumanidagi “To‘palang” suv omborini ham kiritdik.

– Ustoz bir yumush bilan Navoiydan qaytayotgan edik, –deya gap boshladi Orifxon miyig‘ida jilmayib. – Samarqandga kelganimizda Surxondaryoni ham birrov ko‘rib ketaylik, dedik. Yo‘nalishimizni o‘zgartirib, Termiz otani ziyorat qilish uchun yo‘lga chiqdik. Ammo vaqtimiz ko‘p emas. Iloji bo‘lsa ertaroq qaytishimiz kerak.
– Endi gap bundoq. Avval aziz avliyolarni ziyorat qilamiz. Keyin vaqtimiz yetgunicha aylanamiz. Uchinchi kun kechga qaytamiz. Men ham sizlar bilan poytaxtga boraman. Bir og‘aynimizning qatnashmasam bo‘lmaydigan tadbiri bor.
– Obbo, – deya Orifxon bir zum ikki qo‘li bilan sochini silagan bo‘ldi. Birpas jim turdi. Taklifimga rozi bo‘ldi.
Sayohatimizning ikkinchi kuni Sariosiyo tarafga otlandik.

Dengiz sathidan 900 metrlar chamasi balandlikda joylashgan “To‘palang” suv omborida hali qurilish ishlari yakunlanmagan. Sig‘imini 500 million kub-metrga yetkazish uchun to‘g‘onda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Qurilish tashkiloti idorasida Ulug‘bek Muhiddinov, degan birodarimiz ishlaydi. Halim, dinu diyonatda mustahkam, fikrlari teran, ziyoli inson. Gurungidan ko‘p kitob o‘qigani shundoq sezilib turadi. Qo‘ng‘iroq qildim. Idorada ekan. Mehmonlarimga suv ombor va “To‘palang” daryosini ko‘rsatmoqchi ekanimni aytdim.
– Kelinglar, suv omborga men ham chiqaman, – dedi u quvonchini yashirolmay. – Yaqinlashib qo‘ng‘iroq qiling. Daryo bo‘yida kutib olaman.
Tog‘ qo‘yniga yetib kelgach, “To‘palang” daryosining muzdek zilol suvidan bahra oldik. Ko‘m-ko‘k zilol suvda suzayotgan forel baliqlarini o‘zgacha zavq bilan kuzatdik. Suv omborda bo‘ldik. To‘g‘onning shundoq biqinida qad rostlagan GESni ko‘rdik. Mezbon bilan suv ombor va GES qurilishi, hududning tabiati haqida gurunglashdik.
Adashmayotgan bo‘lsam, o‘sha yillari suv omborda chamasi 380 million kub-metr atrofida obi-hayot to‘planayotgan edi. Mehmonlarda suv omboru, yoz chillasidagi salqin, yengil havo ham, atrofidagi tog‘laru, flora va faunasi ham, suvning tarkibiyu, qurilayotgan gidroelektr stansiyasi ham men o‘ylaganimdan kuchliroq qiziqish uyg‘otdi. Suhbatimiz yarim tungacha davom etdi. O‘shanda Ulug‘bek Muhiddinov yirik suv ombordan oqilona foydalanish uchun mustaqillik katta imkoniyat yaratgani va kelajakda daryo bo‘ylab bosqichma-bosqich quriladigan kichik GESlar arzon, ishonchli elektr energiyasi ishlab chiqarishi to‘g‘risida bizning tasavvurimizga sig‘maydigan gaplarni aytgan edi.

Bugun o‘sha suhbatimizga qiziq mavzu bo‘lgan gidroinshootlar birin-ketin bo‘y ko‘rsatmoqda. Bir paytlar bizga amalga oshishi murakkab jarayon bo‘lib tuyulgan bu ishlar ro‘yobga chiqayotganini ko‘z-ko‘z qilish uchun yigirma yilcha avval bu haqdagi gurungni andak hayrat bilan tinglagan hamkasblarimni “To‘palang”ga taklif etsam deymanu, afsuski, aloqamiz uzilib qolgan. Pandemiyadan so‘ng so‘roqlaganimda kasbini o‘zgartirib, tadbirkor bo‘lib ketdi, deya eshitgan edim.
Shu yil to‘liq ishga tushganiga yetti yil bo‘lgan suv ombor yiliga 500 million kub-metr obi-hayot to‘planadigan yirik inshootga aylandi. Sayyoramizda suv resurslari taqchillashayotgan, elektr energiyasiga ehtiyoj yildan-yilga ortib borayotgan bir pallada bu inshootning voha ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi o‘rni oshib bormoqda. Bundan yigirma yillar chamasi avval biz yarim tungacha ta’rifini eshitgan suv ombor bugun qishloq xo‘jaligi ekinlari sug‘oriladigan ishonchli tarmoq, aholini zilol suv bilan ta’minlaydigan noyob obi-hayot manbai, arzon, ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tabiiy suv oqimi sifatida e’tiborga tushdi. Endilikda bu joyning gidroenergetika salohiyatidan unumli foydalanish mamlakat energetika siyosatining eng muhim va strategik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Tabiiy-geografik jihatdan noyob imkoniyatlarga ega hududga O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbai bo‘yicha eng istiqbolli viloyatlardan biri sifatida qaralmoqda. Viloyatning tog‘li relefi, sersuv daryolari, yuqori bosimga ega suv oqimlari va tabiiy gidrologik sharoiti bu yerda gidroenergetika sohasini keng ko‘lamda rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Hisor tog‘ tizmasidan boshlanuvchi ko‘plab daryo va soylar yil davomida barqaror suv oqimiga ega bo‘lib, ular nafaqat qishloq xo‘jaligi va ichimlik suvi ta’minoti, balki ekologik jihatdan toza elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ham muhim strategik resurs ekanini ko‘rsatayotir.

– Viloyatda gidroelektr stansiyalar qurish so‘nggi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan islohotlar samarasi, –deydi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati “To‘palang” GESlar kaskadi filiali direktori Asror Ulug‘ov. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil mamlakatimizdagi suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, yangi GESlarni qurish va eski GESlarni modernizatsiya qilish uchun “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Shu hujjat viloyatda energiya resurslariga oshib borayotgan ehtiyojni yumshatishda “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanib, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish hajmini oshirishga keng yo‘l ochdi. “To‘palang” suv ombori qoshidagi quvvati 30 MVtli dastlabki gidroelektr stansiyasi tubdan modernizatsiya qilindi. Quvvati 145 MVtga oshirildi. Yiliga o‘rtacha 467 million kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqara boshladi. Boshqaruv to‘liq avtomatlashtirilib, inson omilisiz ishlaydigan “aqlli” tizim yaratildi.
Darvoqe, 2017-yilgacha vohada quvvati 30 MVtli ushbu GES elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan edi. So‘nggi to‘qqiz yilda bu to‘qqiz barobarga oshib, gidroelektr stansiyalar soni 13 taga, umumiy quvvat 273,4 MVtga, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 770 million kVt.soatga yetdi. Suv ombor qoshidagi ilk GES xorijlik mutaxassislar hamkorligida qurilgan bo‘lsa, endi o‘zimizning mutaxassislar mustaqil barpo etmoqda. Asbob-uskunalar mahalliylashtirilib, boshqaruv tizimi avtomatlashtirilayotir. Daryo bo‘ylarida qad rostlab turgan “Zarchob-1”, “Zarchob-2”, “Zarchob-3” GESlari inson omilisiz elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Bu mamlakatimizda energetika xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilayotgan islohotlar mevasi bo‘lib, gidroenergetika tabiiy gaz sarfini qisqartirish, energiya tannarxini pasaytirish, atmosferaga zararli chiqindilar chiqarilishini kamaytirish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy samarali, uzoq muddatli va ekologik toza energiya manbai hisoblanadi.
Prezidentimizning shu yil 1-mayda qabul qilingan “Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi. Hujjatda gidroenergetika sohasini modernizatsiya qilish, yangi gidroelektr quvvatlarini ishga tushirish, gidrosalohiyatdan to‘liq va samarali foydalanish, investitsiyalarni keng jalb etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Sohaning 2032-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilib, gidroenergetika tarmog‘ini bosqichma-bosqich rivojlantirishning manzilli dasturi bo‘y ko‘rsatdi. Dasturda Surxondaryo viloyati gidroenergetika salohiyatidan unumli foydalanish, ayniqsa, “Yuqori To‘palang” va “Kishtut” hududlaridagi gidroresurslarni iqtisodiyot manfaatlari yo‘lida to‘liq ishga solish muhim vazifa etib belgilangan.
Mutaxassislarning aytishicha, Surxon vohasining gidroenergetika tizimida “To‘palang” suv ombori alohida o‘ringa ega. Mazkur inshoot nafaqat suv resurslarini boshqarish, balki butun hudud energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim o‘rin tutadi. Dastlab 120 million kub metr hajmga ega bo‘lgan “To‘palang” suv omborining keyingi yillarda amalga oshirilgan rekonstruksiya va kengaytirish ishlari uning hajmini 500 million kub metrga yetkazib, yilning turli faslida ham suv oqimini samarali tartibga solish, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini qondirish, suv tanqisligining oldini olish va gidroelektr stansiyalarining uzluksiz ishlashini ta’minlash imkonini berdi. “Yuqori To‘palang” hududida yangi gidroenergetik quvvatlarni barpo etish uchun mustahkam baza yaratdi. Chunki yuqori oqimdagi suvning tabiiy kuchli bosimi gidroelektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Bu salohiyat mamlakat gidroenergetika tizimi uchun ham strategik ahamiyatga ega manbaga aylanmoqda.
Osmono‘par tog‘lar qo‘ynida qurilishi rejalashtirilgan Kishtut GESlar kaskadi loyihasi voha gidroenergetika salohiyatidan unumli foydalanishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Quvvati 80 MVt bo‘lgan mazkur loyiha uchta gidroelektr stansiyadan iborat bo‘lib, Yuqori To‘palang gidrosalohiyatini kompleks o‘zlashtirishga qaratilgan. Eng muhimi, bu loyiha davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan “milliy loyiha” sifatida amalga oshirilmoqda. Demak, Kishtut GESlar kaskadi nafaqat hududiy, balki mamlakat energetik xavfsizligi uchun ham strategik ahamiyatga ega inshoot bo‘ladi. Yangi loyiha ishga tushgach, viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi kengayadi. Tabiiy gaz va boshqa an’anaviy yoqilg‘i turlariga bo‘lgan ehtiyoj qisqaradi. Iqtisodiy samaradorlik oshib, ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Tog‘li va chekka hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati kengayib, aholining turmush darajasi o‘sadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2032-yilgacha umumiy quvvati 541 MVt, yiliga o‘rtacha 1,9 milliard kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 42 ta yangi gidroelektr stansiya qurilib, ishga tushirilib, gidroelektr stansiyalar soni 55 taga, ularning quvvati 814,3 MVtga va ishlab chiqarish hajmi 2,7 milliard kVt.soatga yetkaziladi. Yiliga 760 million kub-metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Yoki 2017-yilga nisbatan vohaning gidroenergetika quvvati 27 baravar o‘sadi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar avvalo hududning qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan oqilona foydalanib, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar va aholi xonadonlarini ishonchli, arzon elektr energiyasi bilan ta’minlab, inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri