Iste’molchilar murojaatlari ijobiy hal etildi
Navoiy viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amaliy ishlar davom etmoqda. Fuqarolarning murojaatlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ularning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Jumladan, Navbahor tumani Gujbog‘tepa mahallasida yashovchi fuqaro Zafar Toshev O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “1091” ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Karmana tumanidagi “GARANT” savdo markazidan shartnoma asosida xarid qilgan Samsung A26 8/128 rusumli mobil telefonning shartnomada ko‘rsatilgan modeli berilmaganidan norozilik bildirgan.
Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan qonunchilik talablari asosida o‘rganildi. O‘rganish jarayonida savdo markazi rahbariyati va xodimlariga iste’molchining huquq va qonuniy manfaatlari tushuntirildi. Natijada fuqaroga shartnomada belgilangan mobil telefon topshirilib, muammo ijobiy hal etildi.
Shuningdek, Navbahor tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushgan yana bir murojaat ham ijobiy hal etildi.
Unda fuqaro tuman markaziy dehqon bozorida tashkil etilgan yarmarkadan 7 million so‘m evaziga 10 metrli gilam xarid qilgani, ammo keyinchalik tovar o‘lchami talabiga mos kelmagani uchun uni qaytarishga harakat qilgani, biroq sotuvchi mahsulotni qabul qilib olmaganidan shikoyat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishda murojaatda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimlari ishtirokida masala hal qilinib, iste’molchining huquqlari tiklandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri