Superliganing 7-turi start olmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-tur uchrashuvlari bugun, 12-aprel kuni start oladi va 14-aprelga qadar davom etadi. Turning ilk kunida “Navbahor” – “Surxon”, “Dinamo” – “Lokomotiv”, “Andijon” – OKMK klublari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda soat 18:15 da “Bobur arena” stadionida start oladigan “Andijon” va OKMK klublarining o‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratishni lozim topdik.

Jamoalar milliy chempionatimiz tarixida shu kunga qadar 28 bor to‘qnash kelgan. Ularning 5 tasida “Andijon” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 18 ta bahsda OKMK ustun kelgan. Yana 5 ta uchrashuv durang natija bilan yakunlangan. To‘plar nisbati esa 55:34 ko‘rinishida OKMK foydasiga.
O‘tgan mavsumda jamoalar o‘rtasidagi ilk bellashuv Olmaliqda bo‘lib o‘tib, unda mezbonlar 4:3 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ikkinchi davradagi uchrashuvda esa “Andijon” o‘z muxlislari oldida 1:0 hisobida ustun kelgan.
Darvoqe, Superliganing 7-tur doirasida 13-aprel kuni “Nasaf” — “Buxoro”, “Paxtakor” — “Mash’al”, “Qizilqum” — “So‘g‘diyona”, 14-aprelda esa “Xorazm” — “Qo‘qon-1912”, “Bunyodkor” — “Neftchi” klublari o‘zaro raqobatlashadi.

Ma’lumot uchun, ayni damda “Paxtakor” klubi ochkolarini 15 taga yetkazib olgan holda turnir jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda. Biroq amaldagi chempion “Neftchi” hisobida ham 15 ochko bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat ushbu jamoani ikkinchi o‘ringa qulatgan. “Buxoro” va “Bunyodkor” hisobidagi ochkolar ham 13 taga yetgan va gollar nisbatiga ko‘ra 3-4-o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA