“Silk Road Uzbekistan” ommaviy yugurish musobaqalari aholini sportga jalb etmoqda
O‘zbekistonda ommaviy sportni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirishda yugurishning o‘rni beqiyos ekani barchamizga ma’lum. Aholimiz sog‘lom turmush tarziga qaratayotgan ulkan e’tibori natijasida yugurish faqat tor doiradagi ishqibozlar mashg‘uloti emas, balki aholining turli qatlamlari uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Shu ma’noda, «Silk Road Uzbekistan» ommaviy yugurish musobaqalari turkumi mamlakatdagi mazkur jarayonning muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilda loyihaning dastlabki bosqichlari Nukus va Samarqand shaharlarida o‘tkazilib, minglab ishtirokchilarni qamrab oldi. Bu esa tashabbus geografiyasining izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.

E’tiborli jihati shundaki, musobaqalarda bir trassada professional sportchilar, havaskorlar, talabalar va oilalar birgalikda ishtirok etmoqda. Bu esa ushbu sport tadbirlarini oddiy sport musobaqasidan kengroq — jamiyatni birlashtiruvchi, faol hayot tarzini targ‘ib etuvchi ijtimoiy loyihaga aylantirmoqda.
Mazkur loyiha respublika tarixiy yo‘nalishlari bo‘ylab amalga oshirishda, Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbektelekom aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Milliy banki hamda turli tashkilotlarning o‘rni beqiyosdir.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, dastlabki bosqichlar natijalari yurtimizda ommaviy yugurish musobaqalariga qiziqish yuqori ekanini yaqqol namoyon etdi. Nukus va Samarqandda startga chiqqan ishtirokchilar nafaqat tajribali yuguruvchilar, balki yangi muhitni his etish, jamoaviylikni tuyish va faol hayot tarziga qadam qo‘yishni istagan keng ommadan iborat bo‘ldi.
Ushbu musobaqalar dasturidan 5 va 10 kilometrlik masofalar, bolalar uchun «Kids Run», talabalar uchun «Talaba Yugur», shuningdek, inklyuziv xayriya musobaqasi — «Inson Uchun» yo‘nalishlari o‘rin olgan.
Jumladan, «Talaba Yugur» musobaqalari talabalar o‘rtasida hududiy bosqichlarda o‘tkazilib, keyinchalik g‘oliblar Toshkent shahrida hal qiluvchi bosqichda ishtirok etadi. Unda nafaqat sovrinli o‘rinlar, balki pul mukofotlari va qo‘shimcha stipendiyalar uchun ham kurash olib boriladi. Bu esa yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish bilan birga, ularda faol hayot tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
«Inson Uchun» inklyuziv yugurish musobaqasi esa alohida ahamiyat kasb etadi. Unda imkoniyati cheklangan ishtirokchilar qatnashib, asosiy e’tibor natijaga emas, balki ishtirok etish imkoniyatiga qaratiladi. Mukofot jamg‘armasi 4 toifa bo‘yicha taqsimlangan bo‘lsa-da, ushbu tashabbusning asosiy mohiyati — sport orqali birlashish va ijtimoiy tenglikni ta’minlashdan iborat.
Barcha ishtirokchilarga start to‘plami taqdim etiladi. Unga chipli raqam, ishtirokchilar uchun zarur bo‘lgan barcha sport inventarlari, medal hamda Ispaniyaning mashhur «Joma» brendiga mansub sport futbolkasi kiradi. Zamonaviy texnologik matolardan tayyorlangan ushbu kiyimlar yugurish jarayonida maksimal qulaylikni ta’minlaydi.

Ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun perfend.com sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish ishlari doimgidek, amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, musobaqaning yana bir o‘ziga xos jihati — yuqori sovrin jamg‘armasidir. 5 va 10 km masofalarda erkaklar va ayollar o‘rtasida oltita sovrinli o‘rin uchun mukofotlar belgilangan. Xususan, 10 km masofada g‘olib 6 million so‘m, 2-o‘rin 5 million so‘m, 3-o‘rin 4 million so‘m bilan taqdirlanadi. 5 km masofada esa mos ravishda 3,5, 3 va 2,5 million so‘m pul mukofotlari belgilangan. Bolalar poygalari g‘oliblari esa qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantiriladi.
Turkumning navbatdagi bosqichi ertaga 3-may kuni Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadi. Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan bog‘liq ushbu qadimiy shahardagi marshrut ishtirokchilarga go‘yo vaqt bo‘ylab sayohat qilish imkonini taqdim etadi.
17-may kuni esa musobaqalar poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davom etadi. Ushbu hudud bugungi kunda ommaviy sport tadbirlari uchun zamonaviy va qulay makon sifatida shakllanib bormoqda.
Umuman, Silk Road Uzbekistan turkumi mamlakatda ommaviy sportga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirmoqda. Endi yugurish faqat masofani bosib o‘tish emas, balki jamiyatni birlashtiruvchi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptiruvchi va yurtni yangi nigoh bilan kashf etish imkonini beruvchi muhim ijtimoiy harakatga aylanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA