Superliga: «Paxtakor» va «Neftchi» bugun o‘ynaydi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-tur bahslari bugun boshlanadi va 11-sentabr kuniga qadar davom etadi. Turning dastlabki kunida uchta uchrashuv o‘tkaziladi.
Kunning ilk bahsi Olmaliqda OKMK va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida kechadi. Uchrashuv soat 18:30 da boshlanadi. Mazkur bellashuv oldidan jamoalarning milliy chempionatdagi o‘zaro o‘yinlariga oid ayrim statistik ma’lumotlarni keltiramiz.
Jamoalar Superliga (oliy liga) tarixida shu kunga qadar 37-marta o‘zaro maydonga tushgan. Ularning 24 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan, 5 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan, OKMK esa 8-marta zafar quchgan. Gollar nisbati ham «Paxtakor» foydasiga — 64:30. Olmaliqdagi 18 uchrashuvning 13 tasida poytaxt klubi g‘alaba qozongan, 5 ta bahsda OKMK ustun kelgan. Bu o‘yinlarda «Paxtakor» 33 ta gol urgan va 14 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
Ayni paytda «Paxtakor» 43 ochko bilan Superliga jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. OKMK esa 32 ochko bilan beshinchi pog‘onani egallab turibdi.

Turning yana bir uchrashuvi Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi. Unda «Neftchi» va «Surxon» klublari o‘zaro raqobatlashadi. Ayni damda «Neftchi» 45 ochko bilan Superliga jadvalida peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa, «Surxon» 23 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda.
Jamoalar hozirgacha 33-marta o‘zaro bahslashgan. Ularning 22 tasida «Neftchi» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 10 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. «Surxon» esa bir marta zafar quchgan. Gollar nisbati — 77:24 «Neftchi» foydasiga.
O‘zaro so‘nggi besh uchrashuvda ham farg‘onaliklar mag‘lubiyatga uchramagan. Bu bahslarning ikkitasida «Neftchi» g‘alaba qozongan, uchtasi durang bilan yakunlangan. So‘nggi uchrashuvda esa «Neftchi» safarda «Surxon»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan.
Kunning uchinchi bahsi Qarshida o‘tkaziladi. «Markaziy» stadionda «Nasaf» «Bunyodkor»ni qabul qiladi. Uchrashuv soat 19:00 da boshlanadi.

21-turning qolgan uchrashuvlari 10 va 11-sentabr kunlari o‘tkaziladi, quyida ushbu kunda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar bilan tanishasiz:
10-sentabr:
«Dinamo» — «Qizilqum» — 19:00
«Andijon» — «Qo‘qon-1912» — 19:00
«Xorazm» — «So‘g‘diyona» — 20:00
11-sentabr:
«Lokomotiv» — «Mash’al» — 19:00
«Buxoro» — «Navbahor» — 19:00
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA