Shaxmat olimpiadasida sanitariya-epidemiologik xavfsizlik ta’minlanadi
Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, III Parashaxmat olimpiadasi va Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) kongressiga so‘nggi tayyorgarlik yumushlari amalga oshirilmoqda. Ertadan mazkur nufuzli tadbirlar rasman boshlanadi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi
Samarqandga keladigan musobaqa ishtirokchilari va mehmonlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha ham mutasaddi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xorijiy va mahalliy sport jamoalari, nufuzli mehmonlar, hakamlar va muxlislarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida sanitariya-gigiyena va epidemiologik tadbirlar kuchaytirilgan tartibda tashkil etilmoqda. Buning uchun viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida 7 nafar malakali mutaxassisdan iborat shtab tashkil etilgan.
– Biz uchun asosiy vazifa olimpiada ishtirokchilari va mehmonlari uchun xavfsiz sanitariya muhitini yaratish, – deydi sanepidqo‘mita Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Shu bois tadbir boshlanishidan ancha oldin barcha ob’ektlarni bosqichma-bosqich o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, laboratoriya nazoratini kuchaytirish va zarur zaxiralarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratdik. Tadbir davomida esa sanitariya-epidemiologik holatni uzluksiz monitoring qilib boramiz. Olimpiadaga jalb etilgan mehmonxonalar, restoran va kafelar, aeroport va temir yo‘l vokzali, tarixiy obidalar, “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi va boshqa ob’ektlarda sanitariya nazorati kuchaytirildi. Mazkur ob’ektlarda sanitariya talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun 107 nafar xodim mas’ul etib biriktirildi.

Shuningdek, tashqi muhitning fizik va epidemiologik omillarini nazorat qilish maqsadida 2 ta mobil laboratoriya guruhi tashkil qilinib, ularga 14 nafar laboratoriya xodimi jalb etildi. Ular mehmonlar salomatligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillarni joyida tezkor aniqlash va baholash imkonini beruvchi zamonaviy priborlar hamda zarur laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, olimpiada ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatadigan mehmonxona, restoran, kafe va boshqa ob’ektlardagi sanitariya-texnik holat, muhandislik kommunikatsiyalari, ichimlik va issiq suv, kanalizatsiya, ventilyatsiya, yoritish, texnologik va sovitish uskunalari o‘rganilib, xulosalar berildi.

Nazorat tadbirlari yakuni bo‘yicha ob’ekt rahbarlariga sanitariya talablarini bajarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi va ijrosi nazoratga olindi. Laboratoriya nazorati doirasida mikroiqlim, yoritilganlik, shovqin, havoning gazlanish-changlanish darajasi, radiatsiya foni va yopiq binolar havosining bakteriologik holati bo‘yicha keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazildi.
Tahlillar natijasiga ko‘ra atmosfera havosining sanitariya-kimyoviy ko‘rsatkichlari, tashqi muhitning fizik omillari, radiatsiya foni va yopiq binolar havosining bakteriologik ifloslanish darajasi belgilangan sanitariya talablariga muvofiq ekani aniqlandi.
Tadbirga tayyorgarlik doirasida barcha ob’ektlarda profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari ham amalga oshirildi. Buning uchun 5 ta dezinfeksion brigada tashkil etilib, ularga 18 nafar dezinfektor va dezinstruktor biriktirildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar joylashadigan mehmonxonalar va tibbiy xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan tibbiyot muassasalarida sanitariya nazorati tashkil etildi. Zarur holatlarda bemorlarni alohidalash uchun izolyatorlar va tibbiy punktlar tayyor holatga keltirildi.
Umuman, musobaqa ishtirokchilarining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash ishlariga 150 nafarga yaqin soha mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, ularning tezkor faoliyati uchun zarur avtotransport vositalari ham ajratilgan.
Ayni vaqtda olimpiada davomida sanitariya-epidemiologik holatni monitoring qilish, laboratoriya nazoratini olib borish, oziq-ovqat va ichimlik suvi xavfsizligini ta’minlash hamda profilaktik tadbirlarni davom ettirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri