Superliga: "Neftchi" Andijonda yirik g‘alabaga erishdi, "So‘g‘diyona" "Surxon"ni yengdi
Bellashuvlar gollarga boy tarzda o'tdi.
Superliga 17-turidan o‘rin olgan ilk uchrashuvlarda "Neftchi" va "So‘g‘diyona" safarda g‘alabaga erishdi.
"Andijon" – "Neftchi" – 0:3
Farg‘ona klubi Andijonda mezbonlarga imkoniyat qoldirmadi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida jamoalar hisobni ocha olmadi. Bahsdagi asosiy voqealar tanaffusdan keyin yuz berdi.
51-daqiqada "Andijon" sardori Usmonali Ismonaliyev maydondan chetlatilib, mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qoldi. "Neftchi" son jihatdan ustunlikdan tezda foydalandi – ikki daqiqa o‘tib Alisher Odilov hisobni ochdi.
81-daqiqada Stipe Perisha farg‘onaliklarning ustunligini oshirdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda esa Koffi Kuao uchinchi golni kiritdi. Bu futbolchining "Neftchi" safidagi debyut uchrashuvida urgan ilk goli bo‘ldi – 0:3.
Shu tariqa, "Neftchi" ochkolari sonini 42 taga yetkazib, turnir jadvalidagi peshqadamligini yanada mustahkamladi. "Andijon" esa 21 ochko bilan 8-o‘rinda qoldi.
"Surxon" – "So‘g‘diyona" – 1:3
Termizdagi uchrashuvda dastlab mezbonlar oldinga chiqdi. 21-daqiqada Farruxjon Qodirov "Surxon"ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda esa jizzaxliklar o‘yin borishini butunlay o‘zgartirdi. 50-daqiqada Samandarjon Mavlonqulov hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 59-daqiqada Ollobergan Karimov "So‘g‘diyona"ni oldinga olib chiqdi.
90+1-daqiqada Zenan Zaymovich uchinchi golni urib, mehmonlarning g‘alabasini mustahkamladi – 1:3.
Ushbu natijadan keyin "So‘g‘diyona" 21 ochko jamg‘ardi. "Surxon" hisobida esa 18 ochko mavjud.