Superliga: "Navbahor" 10 kishi bo‘lib "Nasaf"ni yengdi, "Paxtakor" peshqadamga yaqinlasha olmadi
Tur yakuniga yetdi.
O‘zbekiston Superligasida 18-tur uchrashuvlari yakunlandi. Turning markaziy bahsida "Navbahor" o‘z maydonida "Nasaf"ni mag‘lub etgan bo‘lsa, "Paxtakor" Toshkentda "Surxon" bilan ochko bo‘lishdi.
Namangandagi "Markaziy" stadionida o‘tgan "Navbahor" — "Nasaf" uchrashuvi mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Bahsdagi yagona gol birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda qayd etildi. 45+2-daqiqada "Nasaf" himoyachisi G‘olib G‘aybullayev to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi.
Ikkinchi bo‘limda "Navbahor"ning vazifasi yanada qiyinlashdi. 53-daqiqada Saidazamat Mirsaidov maydondan chetlatildi va Timur Kapadze jamoasi uchrashuvning qolgan qismini 10 kishi bo‘lib o‘tkazdi.
"Nasaf" son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, mezbonlar himoyasini yorib o‘ta olmadi. Namanganliklar minimal ustunlikni saqlab qolib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
G‘alabadan keyin "Navbahor" ochkolari sonini 34 taga yetkazib, turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarildi. "Nasaf" esa 25 ochko bilan 7-pog‘onada qoldi.
Turning so‘nggi uchrashuvida esa "Paxtakor" o‘z maydonida "Surxon"ni qabul qildi. Toshkentdagi bahsda darvozalar daxlsiz qoldi — 0:0.
Uchrashuv yakunida "Paxtakor" g‘alabaga juda yaqin keldi. 90+3-daqiqada Hojimat Erkinov raqib darvozasini ishg‘ol qildi, biroq gol ofsayd sabab bekor qilindi.
Shu tariqa, "Paxtakor" 18-turni durang bilan yakunlab, 39 ochko bilan 2-o‘rinda qoldi. "Sherlar" peshqadam "Neftchi"dan 3 ochko ortda bormoqda. "Surxon" esa 19 ochko bilan 14-pog‘onani egallab turibdi.