Sun’iy intellekt davrida ta’lim va kasblar o‘zgaradimi?
Sun’iy intellekt hayotimizning deyarli barcha sohalariga kirib kelar ekan, ta’lim va mehnat bozorida ham yangi imkoniyatlar bilan birga qator savollarni yuzaga chiqarmoqda. Endi yoshlarni kelajak kasblariga qanday tayyorlash kerak? Qaysi ko‘nikmalarga talab ortadi? Ta’lim tizimi sun’iy intellekt davriga qay darajada tayyor?
«ICTWEEK UZBEKISTAN 2026» AKT haftaligi doirasida o‘tkazilgan «Sun’iy intellektning ta’lim va bandlikka tahdidlari» forumida ana shu masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda yoshlar AKT sohasining tajribali mutaxassislari bilan muloqot qildi, savol-javoblarda ishtirok etdi. Mutaxassislar sun’iy intellektning ta’lim jarayoni va mehnat bozoriga ta’siri, yangi kasblar va zamonaviy ko‘nikmalar haqida fikr almashdi.

Tadbirning birinchi qismida xalqaro va mahalliy texnologiya kompaniyalari vakillari sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazdi. «Coursera» vakili Larissa Uitkroft O‘zbekistonlik foydalanuvchilarning platformadagi ta’lim natijalari haqida ma’lumot berdi. «iFLYTEK» vakili Jeyson Chjan esa turli tillarda ishlay oladigan sun’iy intellekt yechimlarini tanishtirdi.

Forum doirasida O‘zbekistondagi 12 ta universitetda «AWS Academy» dasturi ham rasman ishga tushirildi. Bu dastur talabalarga zamonaviy bulutli texnologiyalar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
Tadbirda yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlashga qaratilgan «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasiga mamlakatning barcha hududlarida start berilgani ham ma’lum qilindi.
«AI-Native Generation» panelida esa sun’iy intellekt davrida shakllanayotgan yangi avlod, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik masalalari muhokama qilindi. Xalqaro tashkilotlar, texnologiya kompaniyalari, ta’lim platformalari va soha mutaxassislari yoshlarni yangi kasblarga tayyorlash, sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va texnologiyalarning mehnat bozoriga ta’siri haqida fikr almashdi.
Bugun O‘zbekistonda sun’iy intellekt va raqamli ta’lim yo‘nalishida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida aileaders.uz platformasi ishga tushirilib, unda «Coursera», «Oracle», «Alison», «Huawei» kabi xalqaro tashkilotlarning 100 dan ortiq kursi bepul taqdim etilmoqda. 2026-yilda loyiha doirasida 1,8 million nafar yosh va davlat xizmatchisi o‘qitildi.
Demak, sun’iy intellekt davrida asosiy masala faqat texnologiyani joriy etish emas. Eng muhimi — insonlarni yangi sharoitda ishlashga, yangi kasblarni egallashga va o‘z bilimlarini muntazam yangilab borishga tayyorlash. Forumda bildirilgan fikrlar ham ta’lim tizimi va mehnat bozorida shu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA