SQBda korrupsiyaning oldini olish va ochiqlikni ta’minlash choralari kuchaytirilmoqda
“O‘zsanoatqurilishbank” 30-oktabr kuni o‘tkazilgan brifingda joriy yilning 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki nazorat va bank xizmatlari shaffofligi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobini taqdim etdi.
Bank Boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimovning ta’kidlashicha, asosiy e’tibor qoidabuzarliklarni jazolashga emas, balki xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga qaratilmoqda. Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi qaroriga muvofiq, bankda mustaqil Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tashkil etildi. Xizmat xodimlarining yarmidan ko‘pi hududlarda ishlashi xavflarni erta aniqlash va murojaatlarga tezkor munosabat bildirish imkonini bermoqda.
Nazorat va murojaatlar bilan ishlash
To‘qqiz oy ichida maxsus aloqa kanallari orqali 44 ta murojaat kelib tushib, ularning 20 tasi tasdiqlandi. O‘tkazilgan 40 ta xizmat tekshiruvi natijasida 33 nafar xodimga intizomiy chora ko‘rildi, 17 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 13 ta holat bo‘yicha materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida 5210 ta deklaratsiya o‘rganilib, 202 ta holat aniqlandi. Ularning 201 tasi ehtimoliy, 1 tasi esa mavjud manfaatlar to‘qnashuvi deb topildi va Odob-axloq komissiyasi qarori bilan bartaraf etildi.
Xavflarni baholash va so‘rovnoma natijalari
Bankning 21 ta funksiyasi baholanganda, 11 ta yo‘nalish past, 9 tasi o‘rta va 1 tasi kreditlash faoliyati yuqori korrupsiyaviy xavfga ega deb topildi. Bu jarayonda inson omilini kamaytirish va nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Iyun oyida 2544 nafar respondent o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma ishtirokchilarining 56,4 foizi ham aynan kreditlashni xavfli yo‘nalish sifatida ko‘rsatgan. Shu bilan birga, ishtirokchilarning 98,4 foizi bank xizmatlari shaffofligini, 97,4 foizi esa korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarni ijobiy baholagan.
Kadrlar salohiyati va raqamlashtirish
Hisobot davrida 3178 nafar xodim o‘quv dasturlarida qatnashdi (ularning 631 nafari virtual akademiyaning maxsus kursini tamomladi). Jami 52 ta o‘quv-trening va 8 ta hududda 300 dan ortiq kishi qatnashgan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Inson omilini kamaytirish va shaffoflikni oshirishning asosiy omili sifatida raqamli xizmatlar kengaytirildi: «SQB Mobile» foydalanuvchilari 3,4 million nafarga, «SQB Business» foydalanuvchilari esa 56,1 mingga yetdi. Shuningdek, bankning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi 2026-yil iyul oyida ISO 37001:2025 xalqaro standarti bo‘yicha qayta sertifikatlandi.
– Kelgusida ham korrupsiyaviy xavflarni erta aniqlash, kreditlashda ichki nazoratni kuchaytirish va raqamli xizmatlarni rivojlantirish orqali har bir mijoz uchun adolatli, ochiq va ishonchli muhitni ta’minlaymiz, – deya xulosa qildi Abdurashid Hakimov.
Bank axborot xizmati
Reklama huquqi asosida