Davlat xaridlaridagi shaffoflik byudjet mablag‘larini tejashga xizmat qilmoqda
Endilikda davlat xaridlarida inson omili kamayib, “Elektron do‘kon”dagi takliflarning 75 foizi bevosita sun’iy intellekt yordamida tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Bu haqda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida joriy yilning to‘qqiz oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ta’kidlandi.
Soha mutasaddilari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Agentlik rahbariyati amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, shu yilning 9 oyida o‘zlashtirilgan 42,6 milliard dollar xorijiy investitsiyaning 18,2 milliard dollari yoki 43 foizi mahalliy kontent ulushidir.
– Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida 117 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, – deydi agentlik direktori o‘rinbosari Jahongir Yunusov. – Shuningdek, 88 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Natijada import o‘rnini bosish samaradorligi 6,2 milliard dollarga yetdi.

Mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmalari va “Shatakka olish” mexanizmi orqali tadbirkorlar bilan tegishli shartnomalar imzolandi. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini raqamlashtirish uchun Yagona sanoat portali test rejimida ishga tushirildi.
Agentlik direktorining yana bir o‘rinbosari Ilhomjon Pardayev davlat xaridlari tizimidagi o‘zgarishlarga to‘xtaldi. To‘qqiz oy ichida davlat xaridlarining umumiy hajmi qariyb 282 trillion so‘mga yaqinni tashkil qilgan. Eng muhimi, ochiq va raqobatli xaridlar orqali 12,1 trillion so‘m mablag‘ tejab qolingan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar hajmi esa 11,7 foizga kamaygan.
Xaridlar nazoratini kuchaytirishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Xususan, “Elektron do‘kon”dagi takliflarning 75 foizi sun’iy intellekt orqali tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, soha mutaxassislarining malakasini oshirish uchun maxsus onlayn o‘quv platformasi ham ishga tushirilgan.

Yil yakuniga qadar mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 130 trillion so‘mga yetkazish, investitsiya loyihalarida mahalliy kontent ulushini oshirish va davlat xaridlarida shaffoflikni yanada kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob olishdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA