Sport va birdamlik bayrami
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va ommaviy sport tadbirlari aholini sog‘lom turmush tarziga chorlash, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash hamda jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Sardoba tumanidagi Ravot va Bo‘ston mahallalarida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
“Yagona Vatan — yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda mahalla aholisi, yoshlar, nuroniylar, xotin-qizlar, sportsevarlar hamda jamoatchilik vakillari faol ishtirok etishdi.

Tadbir “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi ommaviy yurish marafoni bilan boshlandi. Ishtirokchilar belgilangan masofani bosib o‘tishib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi.

Shundan so‘ng, malakali murabbiylar ishtirokida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Davomida milliy sport o‘yinlari va ommaviy musobaqalar tashkil qilinib, ishtirokchilar epchillik, chaqqonlik va jamoaviy hamjihatlik borasida o‘zaro bellashdilar. G‘olib va faol qatnashchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar.

— Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yurtdoshlarimizni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi va milliy sport o‘yinlari orqali aholi, ayniqsa yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib etilmoqda. Eng muhimi, bunday tadbirlar mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlab, Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda, — deydi Sardoba tumanidagi “Sharafli yo‘l” gazetasi bosh muharriri Suyun Namozov.

Ta’kidlash joiz, Sardoba tumanidagi «Ravot» va «Bo‘ston» mahallalarida o‘tkazilgan mazkur sport bayrami mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘lib, aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarni sportga keng jalb etish hamda “Yagona Vatan — yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga xizmat qiluvchi muhim amaliy tashabbuslardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri