Xalqaro kompaniya O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston xalqaro kompaniyalar uchun biznes xizmatlari va autsorsing sohasida tobora jozibador mamlakatga aylanmoqda.
“Global Business Services Forum 2026” forumi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Trenkwalder Group kompaniyasining operatsion mukammallik bo‘yicha direktori Emrah Dinch bilan uchrashdi.

Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistonda BPO (biznes jarayonlarini autsorsing qilish) va bek-ofis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari va uzoq muddatli hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
1985-yilda tashkil etilgan Trenkwalder Group Yevropadagi yirik kadrlar va biznes jarayonlari autsorsingi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Yevropaning 16 ta mamlakatida faoliyat yuritadi, qariyb 200 ta ofisga, 20 mingdan ortiq xodimga ega. Uning yillik daromadi 700 million yevrodan oshadi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonni xalqaro mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarni tayyorlash hamda autsorsing va bek-ofis markazlarini joylashtirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida baholayotganini bildirdi. Dastlabki bosqichda 100 nafar mutaxassisdan iborat jamoani shakllantirish imkoniyati o‘rganilmoqda.
IT Park Uzbekistan jamoasi esa mamlakatda eksportbop xizmatlar markazlarini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar, malakali kadrlar salohiyati va davlat tomonidan berilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi va operatsion faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘l xaritasini ham muhokama qildi.
Ushbu loyiha amalga oshsa, yuzlab yangi yuqori malakali ish o‘rinlari yaratilishi, BPO xizmatlari eksporti kengayishi va O‘zbekistonning xalqaro biznes xizmatlari bozoridagi o‘rni yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA