Sport: Bahodir Jalolovning imkoniyatlari ilmiy asosda tahlil qilindi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazi huzuridagi Sport biomexanikasi laboratoriyasida yuqori malakali bokschilar ishtirokida zamonaviy biomexanik tadqiqotlar amalga oshirildi.
Pedagogika fanlari doktori, professor Soyib Tajiboyev rahbarligida o‘tkazilgan tadqiqot davomida ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, bir necha bor Jahon chempionligiga erishgan iste’dodli bokschimiz Bahodir Jalolov timsolida sportchining texnik harakatlari tegishli ilmiy tizim yordamida uch o‘lchovli formatda tahlil qilindi.
Shuningdek, maxsus qurilma va moslamalar yordamida reaksiya tezligi va koordinatsion qobiliyatlar, nafas olish tizimining funksional holati, mushak kuchi hamda tana tarkibi kompleks baholandi.
Ilmiy izlanishlar jarayonida bokschining zarba berish biomexanikasi, harakat koordinatsiyasi, muvozanati, tezkorligi va tana segmentlari o‘rtasidagi kinematik bog‘liqliklarni chuqur o‘rganildi. Olingan xulosalar asosida sportchining texnik harakatlarni yanada takomillashtirish, sport natijadorligini oshirish va jarohatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

E’tiborli jihati, mazkur tadqiqotlar mamlakatimiz sport ta’limi va uning ilmiy asoslarini rivojlantirishga, sport biomexanikasi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tahlillarga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Boshqacha aytganda, sun’iy intellekt, raqamli harakat tahlili va zamonaviy biomexanik texnologiyalarni sport tayyorgarligi jarayoniga integratsiya qilish orqali Bahodir Jalolov singari yuqori malakali sportchilarimizning funksional imkoniyatlarini ilmiy asosda baholash va rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilishiga asos bo‘lmoqda.
Eng muhimi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tashkil etilgan sport biomexanikasi laboratoriyasi mamlakatimiz sportchilarining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning texnik tayyorgarligini takomillashtirish hamda sport fanini rivojlantirishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA