Bozorda xavfli mahsulotlarni aniqlash mexanizmlari joriy etiladi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan bozor nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari belgilanmoqda, bozor nazorati organlari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda.
Shu bilan birga, bozor nazorati organlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, xavfli mahsulotlarni aniqlash va ularning bozorda tarqalishining oldini olish bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

— Qonun loyihasida bozor nazorati jarayonida mahsulotlarning majburiy talablarga muvofiqligini tekshirish va xavfli mahsulotlarning muomalaga kiritilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda, — deydi Ekofraksiya a’zosi Mohira Xo‘jayeva. — Shuningdek, masofaviy savdo shakllari, jumladan elektron savdo maydonchalari orqali muomalaga kiritilayotgan mahsulotlarni bozor nazorati bilan qamrab olishga qaratilgan normalar ham takomillashtirilmoqda. Loyihadagi normalar bozor nazorati sohasidagi munosabatlarni kompleks tartibga solish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish muhokamalarida fraksiya a’zolari bir qator fikr va takliflarni bildirdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA