Soliq tekshiruvlarida 19,3 trillion so‘mlik tafovutlar aniqlandi
O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish o‘z samarasini bermoqda. Buni 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan kameral soliq tekshiruvlari natijalari ham tasdiqlaydi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 18,2 ming nafar soliq to‘lovchida kameral tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, bu respublikada faoliyat yuritayotgan 601 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektining atigi 3 foizini tashkil etgan.
Shunga qaramasdan, mazkur tekshiruvlar davomida 19,3 trillion so‘mlik soliq tafovutlari aniqlandi. Bu esa soliq nazoratida raqamli texnologiyalar va xavf tahlili tizimi tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
Kameral tekshiruvning asosiy afzalligi shundaki, u tadbirkor faoliyatiga chiqmasdan, elektron hisobotlar, elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa ma’lumotlari va boshqa axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu esa ortiqcha tekshiruvlarni kamaytirish, insoniy omilni qisqartirish va nazoratning aniqligini ta’minlash imkonini beradi.
Tahlillarga ko‘ra, eng katta tafovutlar qo‘shilgan qiymat solig‘i (10,7 trillion so‘m) va foyda solig‘i (6,3 trillion so‘m) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, aksiz solig‘i bo‘yicha 764 milliard so‘m, jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha esa 611 milliard so‘m tafovut aniqlangan.
Sohalar kesimida esa eng yuqori ko‘rsatkich umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri kelib, bu yo‘nalishda 9,7 trillion so‘mlik tafovut qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda qurilish (4,2 trillion so‘m), ishlab chiqarish (3,1 trillion so‘m), transport (1,1 trillion so‘m) hamda qishloq xo‘jaligi (660,1 milliard so‘m) sohalari qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu raqamlar ayrim tarmoqlarda soliq hisobini yuritish sifati va moliyaviy intizomni yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, kameral tekshiruvlar profilaktik ahamiyatga ham ega bo‘lib, aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilarga talabnomalar yuboriladi va ularga kamchiliklarni ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish davlat byudjeti daromadlarini barqaror ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va barcha tadbirkorlar uchun adolatli raqobat muhitini shakllantirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Yarim yillik natijalar esa xavf tahlili asosida amalga oshirilayotgan raqamli nazorat tizimi o‘zini oqlayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA