6 oy mobaynida 814 milliard so‘mdan ortiq subsidiya to‘lab berildi
O‘z uyiga ega bo‘lish — har bir oilaning eng ezgu orzularidan biri. Bugungi kunda davlat tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlari va manzilli subsidiyalar ushbu orzuni haqiqatga aylantirishda muhim tayanch bo‘lmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026-yilning I yarim yillik yakunlari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizda minglab oilalar aynan davlat ko‘magi bilan o‘z boshpanasiga ega bo‘ldi.
Xo‘sh, o‘tgan olti oy davomida ipoteka bozorida qanday o‘zgarishlar yuz berdi va eng ko‘p kredit qaysi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda?
Uy-joy olishdagi dastlabki badal va yuqori foiz stavkalari ko‘plab oilalar uchun jiddiy masala bo‘lib kelgan. Aynan shu bois, davlat tomonidan ajratilayotgan beg‘araz subsidiyalar va byudjet mablag‘lari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga katta yengillik yaratmoqda. 2026-yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 814 milliard so‘mdan ortiq subsidiya to‘lab berilgani buning yorqin isbotidir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida respublika bo‘yicha 13 trillion 75,1 milliard so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Shundan 8 trillion 117,7 milliard so‘mi yoki qariyb 62 foizi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtirildi.

Qayd etilishicha ushbu davrda 42 ming 575 nafar fuqaro ipoteka krediti olgan bo‘lsa, ularning 26 ming 289 nafari davlat mablag‘lari orqali uy-joy bilan ta’minlandi.
Bu raqamlar ipoteka tizimida davlat ishtirokining hanuz yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bir tomondan, bu aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan qurilish sohasi, qurilish materiallari sanoati, bank tizimi va xizmatlar bozorida iqtisodiy faollikni rag‘batlantirmoqda.
Ipoteka dasturining eng muhim jihatlaridan biri — davlat subsidiyalari hisoblanadi. 2026-yilning birinchi yarim yilligida 814,2 milliard so‘m subsidiya to‘lab berildi. Uning 263,7 milliard so‘mi boshlang‘ich badalni qoplashga, 550,5 milliard so‘mi esa ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini kompensatsiya qilishga yo‘naltirildi.
Bu mexanizm, avvalo, yosh oilalar, kam va o‘rta daromadli aholi uchun uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Chunki ipoteka olishdagi eng katta to‘siqlardan biri — boshlang‘ich badal va yuqori foiz to‘lovlari.

Bugungi kunda ipoteka krediti hududlarda o‘rtacha 300,1 million so‘mni, Toshkent shahrida esa 353 million so‘mni tashkil etgan. Maksimal kredit miqdori esa hududga qarab 380 million so‘mdan 480 million so‘mgacha belgilangan.
Bu esa uy-joy bozorida narxlar o‘sishi saqlanib qolayotganini ham anglatadi. Shu sababli davlat tomonidan subsidiyalash mexanizmlarini saqlab qolish aholining to‘lov qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Ipoteka bozorida davlat mablag‘lari bilan bir qatorda tijorat banklarining ham ishtiroki ortib bormoqda. O‘z mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha yetakchilikni O‘zsanoatqurilishbank, Milliy bank, Asakabank, Mikrokreditbank, Xalq banki egalladi. Subsidiyali ipoteka kreditlari bo‘yicha esa eng yuqori ulush Biznesni rivojlantirish banki 60 foizni, Ipoteka-bank esa 54 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Turonbank 52 foiz, Agrobank 49 foizni, Aloqabank 46 foizni tashkil etdi. Bu raqamlar ipoteka bozorida banklar o‘rtasida raqobat kuchayib borayotganini va aholi uchun turli moliyaviy mahsulotlar taklif etilayotganini anglatadi.
Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan eng ko‘p ipoteka krediti Toshkent shahriga ajratilgan bo‘lib 1,18 trillion so‘m, Andijon viloyatiga esa 1 trillion so‘m, Qashqadaryo viloyatiga 791,6 milliard so‘m, Surxondaryo viloyatiga esa 738,5 milliard so‘m, Farg‘ona viloyatiga 708,6 milliard so‘m to‘g‘ri keldi. Subsidiyalardan foydalanish darajasi bo‘yicha esa Xorazm, Namangan, Jizzax, Andijon va Surxondaryo viloyatlari yetakchilik qildi. Bu hududlarda aholining ipotekaga bo‘lgan talabi yuqori ekanini hamda davlat qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan samarali foydalanilayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, ipoteka krediti hisobidan sotib olingan xonadonlarning o‘rtacha maydoni hududlarda 57,85 kv.m, Toshkent shahrida 58,40 kv.mni tashkil etgan. Bu aholining asosan ikki va uch xonali, nisbatan ixcham hamda iqtisodiy jihatdan maqbul uy-joylarni tanlayotganini anglatadi.
Ipoteka bozori iqtisodiyotning bir nechta tarmoqlarini bir vaqtning o‘zida harakatga keltiradi. Ipoteka kreditlari qurilish sohasida yangi loyihalarni rag‘batlantirsa, sement, metall, mebel, maishiy texnika va boshqa o‘nlab tarmoqlarda talabni oshiradi. Bu esa ish o‘rinlari yaratilishi, soliq tushumlari ko‘payishi va ichki bozor faolligining ortishiga xizmat qiladi.
Biroq, iqtisodchilar fikricha, kelgusida davlat mablag‘lari ulushini bosqichma-bosqich qisqartirib, xususiy ipoteka moliyalashtirish bozorini rivojlantirish, ipoteka obligatsiyalari va uzoq muddatli resurslar bozorini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu byudjetga tushadigan yukni kamaytirish bilan birga, ipoteka bozorining barqarorligini ta’minlaydi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, 2026-yilning birinchi yarim yilligi natijalari ipoteka siyosati aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bilan birga mamlakat iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylanganini ko‘rsatdi. Davlat byudjeti hisobidan ajratilayotgan mablag‘lar va subsidiyalar minglab oilalarning uy-joyli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, ipoteka bozorining uzoq muddatli barqaror rivojlanishi davlat qo‘llab-quvvatlashi bilan bir qatorda xususiy kapital ishtirokini kengaytirish, moliya bozorini chuqurlashtirish va raqobat muhitini kuchaytirishga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA