“Sohil bo‘yi” hududning haqiqiy gavhariga aylandi
Inson salomatligi, kayfiyati va turmush sifati ko‘p jihatdan uni o‘rab turgan muhitga bog‘liq. Shu bois yurtimizda aholi uchun ekologik toza, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega dam olish maskanlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday loyihalar nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartiradi, balki insonlarni tabiat bag‘rida mazmunli hordiq chiqarishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Buxoro viloyatining Olot tumanida ana shunday ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqdi. Tuman hududidan oqib o‘tuvchi “Amu–Qorako‘l” kanali sohilida qad rostlagan zamonaviy “Sohil bo‘yi” dam olish maskani qisqa vaqt ichida aholining eng sevimli va gavjum hordiq chiqarish manzillaridan biriga aylandi.
Umumiy qiymati 8 milliard 510 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha doirasida hudud to‘liq qayta qurilib, zamonaviy infratuzilma asosida obodonlashtirildi. Ilgari oddiy sohil hududi bo‘lgan maskan bugungi kunda oilaviy dam olish, sayr qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlarga ega zamonaviy bog‘ga aylandi.

Loyiha doirasida kanal o‘zani betonlashtirilib, uning atrofida keng va qulay piyodalar yo‘laklari barpo etildi. Dam oluvchilar uchun zamonaviy besetkalar o‘rnatildi, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kanal bo‘yi maxsus himoya to‘siqlari bilan jihozlandi. Kechki paytlarda hududning yanada jozibador qiyofa kasb etishi uchun dekorativ yoritish tizimi o‘rnatildi.
Shuningdek, kichkintoylar uchun xavfsiz va zamonaviy o‘yin maydonchalari barpo qilinib, oilalarning birgalikda mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari, manzarali hududlar va shinam muhit ushbu maskanga o‘ziga xos fayz bag‘ishlab, uni tumanning eng ko‘rkam go‘shalaridan biriga aylantirdi.
Bugun “Sohil bo‘yi” nafaqat dam olish maskani, balki Olot tumanining yangi qiyofasini namoyon etuvchi, aholining kayfiyati va hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi muhim ijtimoiy loyihalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu yerga har kuni yuzlab fuqarolar, yoshlar va oilalar tashrif buyurib, tabiat bag‘rida maroqli hordiq chiqarmoqda.

“Sohil bo‘yi” dam olish maskani — bu shunchaki obodonlashtirilgan hudud emas. U inson manfaati, ekologik barqarorlik va zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarining uyg‘unligini aks ettiruvchi yirik loyihadir. Bunday maskanlar aholi turmush farovonligini yuksaltirish, ichki turizmni rivojlantirish hamda hududlarning investitsiyaviy va ijtimoiy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Olotda qad rostlagan “Sohil bo‘yi” bugun o‘z nomi kabi sohilga hayot, go‘zallik va fayz bag‘ishlab, yurt obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar samarasining yorqin ifodasiga aylandi. Ushbu maskanga tashrif buyurgan har bir inson bu yerdagi yangilanishlar ko‘lami, zamonaviy muhit va yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, Yangi O‘zbekistonda inson qadri haqiqatan ham eng oliy qadriyatga aylanayotganini yana bir bor his etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri