Qo‘shrabotlik ehtiyojmandlarga muruvvat ko‘rsatildi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” doirasida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi 250 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar berildi.
Shu yilning 16-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida eng ulug‘, eng aziz bayramni mahallalarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun “Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilingandi.
Samarqand viloyatidagi mahallalarda ham oylik doirasida amaliy ishlarga kirishildi. Viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyati vakilligi hamkorligida Qo‘shrabot tumanida saxovat tadbirlari uyushtirildi.

Viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, imom-xatiblari hamda joriy yilda muborak Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirokida tuman mahallalaridagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand oilalarga tashabbuskor hojilar homiyligida maktab formalari, o‘quv qurollari hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.


– Muhtoj insonlarga muruvvat ko‘rsatish, yetimlarning boshini silash muqaddas dinimizdagi eng ezgu amallardan hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulloh Sattorov. – Shuning uchun imom-xatiblarimiz va muborak safarni ado etib kelgan hojilarimiz Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan e’lon qilingan “Mahalla obodligi va mehr-saxovat” oyligida faol ishtirok etishga ahd qilib, bu xayrli ishga bosh qo‘shdilar. Aholi xonadonlariga kirib, ularga sovg‘a-salomlarni yetkazish bilan birga ma’rifiy suhbatlar ham uyushtirdik, odamlarning fikrlarini eshitdik.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, bunday muruvvat tadbirlari viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri