“Sog‘lom avlod – kuchli kelajak” sport bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Bugun “Yunusobod” sport majmuasida nogironligi bo‘lgan bolalar o‘rtasida “Sog‘lom avlod – kuchli kelajak” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi hamda Mirabror Usmanov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi hamkorligida o‘tkazildi.
Mazkur sport bayrami nogironligi bo‘lgan bolalarni jismoniy faollikka jalb etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning jamiyatdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil qilindi.

Musobaqalar shaxmat, shashka, stol tennisi, yugurish, koptok uloqtirish, uzunlikka sakrash hamda armrestling kabi 7 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazildi. Qatnashchilar bellashuvlarda katta ishtiyoq va yuqori kayfiyat bilan ishtirok etib, o‘z qobiliyat va mahoratlarini namoyon etdilar.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar kubok, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan insonlar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati mahsulotlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Yarmarka ishtirokchilarning ijodiy imkoniyatlarini keng jamoatchilikka namoyish etishga xizmat qildi.

Sport tadbiri bolalarga nafaqat bellashuvlarda ishtirok etish, balki yangi do‘stlar orttirish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va jamiyat mehrini his etish imkonini bergani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
