Navoiyda sport va yoshlar bayramiga aylangan musobaqa
Navoiy shahrida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining dzyudo bo‘yicha 2-bosqichi — “Hokim olimpiadasi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Yosh sportchilarning iqtidorini kashf etish, ularni professional sportga keng jalb qilish va olimpiya harakati g‘oyalarini targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan musobaqada viloyatning shahar va tumanlaridan saralangan iqtidorli polvonlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Murtozayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi Navoiy viloyati ijrochi direktori Farhod Rahmonov, sport sohasi mutasaddilari, tajribali murabbiylar hamda yoshlar qatnashdi.
[gallery-29585]
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish va xalqaro arenalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar turli vazn toifalari bo‘yicha o‘zaro bellashib, yuqori mahorat va g‘alabaga bo‘lgan intilishni namoyon etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar sport muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining respublika bosqichiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA